Ish haqlari oshiriladi

1-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7% ga oshiriladi.

Mamlakatda oxirgi marta oylik ish haqlari bundan bir yil oldin — 1-avgustidan boshlab oshirilgandi. O‘shanda pedagoglar va tibbiyot xodimlarining maoshi 15% ga, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarining oyligi esa 10% ga ko‘tarilgan.

Spot maoshlarning o‘sishi aholining turmush darajasiga qanday ta’sir qilayotgani, daromadlar asosiy xarajatlarni qoplashga qanchalik yetayotgani hamda ularda ish haqi bo‘yicha qanday takliflar borligini o‘rgandi.



Bazaviy hisoblash miqdori oshiriladi

1-sentabrdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1,36 mln so‘m etib belgilanadi. Bu oldin 1,271 mln so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘mdan 440 ming so‘mga oshiriladi.


Yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘l haqini to‘lashi kerak bo‘ladi

Joriy yil 1-sentabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida ishlayotgan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lkira haqi avtobusga chiqish vaqtida to‘lanishi shart bo‘ladi. Bu tushumlar to‘liqligini ta’minlashga qaratilgan.

Yo‘lovchi quyidagi usullardan foydalanishi mumkin:

  • transport kartasini avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi terminallari (validatorlar) ga tekkizgan holda uni validatsiya qilish;
  • bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov turlaridan foydalanish (NFC, QR, Biometric, BLE, UWB va boshqa joriy etilayotgan texnologiyalar yordamida to‘lash);
  • ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekkizgan holda imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlash.

Agar yo‘lkira avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa yoki tasdiqlanmasa, yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgan deb hisoblanadi. Bu esa jarima qo‘llashga sabab bo‘lishi mumkin. Qolaversa, jarimalar miqdorini 440 ming so‘mgacha oshirish taklif qilingan. Hozirda avtobusda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi.


Nasldor qoramollarni saqlash xarajatlari qoplab beriladi

Naslchilik xo‘jaliklariga urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

Subsidiya miqdori har bir davr uchun alohida belgilanadi:

  • birinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda — 1,5 mln so‘m;
  • ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda — 2 mln so‘m;
  • olingan buzoq 12 oylikkacha saqlanganda — 1 mln so‘m;
  • olingan buzoq 12−18 oylikkacha saqlanganda — 1 mln so‘m.

Mablag‘lar Davlat budjeti hisobidan Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan 2030-yil 1-yanvargacha ajratiladi.


Qurilishga oid davlat xizmatlari yagona tizimga birlashtiriladi

O‘zbekistonda qurilish va shaharsozlikka oid ayrim davlat xizmatlari yagona xizmat — arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi orqali ko‘rsatiladi.

Tizimda bosh rejasi raqamlashtirilgan aholi punktlari bo‘yicha arxitektura va shaharsozlik talablari inson omilisiz, avtomatik ravishda shakllantiriladi.

Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi qurilishi yangi boshlanadigan ayrim obyektlarda videokuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatishni ta’minlaydi.

Talab tadbirkorlar quradigan ko‘p qavatli uylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat obyektlariga tatbiq etiladi. Budjet mablag‘lari hisobidan quriladigan qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori obyektlarda ham videokameralar o‘rnatiladi. Kameralardan olingan ma’lumotlar Qurilish obyektlarini onlayn kuzatish markazida tahlil qilinadi.

Bundan tashqari, inspeksiya qurilishda majburiy yuritiladigan ijro hujjatlarini raqamlashtiradi va ularni qog‘oz shaklida talab qilishni bekor qiladi. Qurilishga ruxsat berish hamda obyektlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha arizalarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish tizimi ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.


Ish tashlash tartibi kuchga kiradi

O‘zbekistonda 12-sentabrdan jamoaviy mehnat nizosini yarashtirish orqali hal qilib bo‘lmasa, xodimlar ish tashlashi mumkin bo‘ladi. Buning uchun umumiy yig‘ilishda qatnashgan xodimlarning 50%idan ko‘prog‘i qarorni yoqlashi va bu haqda ish beruvchi kamida bir oy oldin xabardor qilinishi kerak.

Ish tashlashda qatnashish ixtiyoriy. Unda qatnashgan xodimning ish joyi va lavozimi saqlanadi, biroq ish tashlash davri uchun ish haqi to‘lanmasligi mumkin.

Tibbiyot, aloqa, energiya va suv ta’minoti xodimlari, harbiylar, sudyalar hamda ayrim davlat xizmatchilarining ish tashlashda qatnashishi taqiqlanadi. Favqulodda yoki urush holatida ham ish tashlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonun talablarini buzib o‘tkazilgan ish tashlash noqonuniy deb topiladi. Bunday ish tashlashda qatnashganlarga 3−7 BHM (1,32−3,08 mln so‘m), rahbarlik qilganlarga esa 10−15 BHM (4,4−6,6 mln so‘m) gacha jarima solinishi mumkin.


Banklar sanatsiya davrida kreditlar bo‘yicha foiz hisoblashni vaqtincha to‘xtatishi mumkin

Sudgacha va sud sanatsiyasi davrida qarzdorlarning kreditlarini restrukturizatsiya qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Sudgacha sanatsiya davrida banklar qarzdor bilan kelishuv asosida, uning faoliyatini tiklashga qaratilgan sanatsiya rejasi bajarilishi sharti bilan kreditlar bo‘yicha foizlarni hisoblash yoki to‘lashni vaqtincha to‘xtatishi mumkin. Keyinchalik kredit sanatsiya rejasiga muvofiq restrukturizatsiya qilinadi.

Sud sanatsiyasi davrida esa kreditlar bo‘yicha foizlarni hisoblash yoki to‘lash sud ajrimi asosida vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Buning uchun sanatsiya rejasi va kreditorlar yig‘ilishi yoki qo‘mitasining roziligi talab etiladi.

Shuningdek, soliq to‘lovlarini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi ham o‘zgaradi. Buning uchun garov mulki, bank kafolati yoki sug‘urta polisi taqdim etilsa, soliq organlari moliyaviy holat va boshqa istisno holatlardan qat’i nazar, to‘lovni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini beradi.

Bunday arizalar Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali orqali topshiriladi. Ularni ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kungacha qisqartiriladi.


Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida eski uskunalardan foydalanish cheklanadi

1-sentabrdan boshlab barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ortiqcha bosim ostida ishlaydigan, xizmat muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi noma’lum bo‘lgan uskunalardan foydalanish cheklanadi. Cheklov 2030-yil boshigacha amal qiladi.

Shu sanadan konteyner tipidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari uchun ham yangi talablar joriy etiladi. Yoqilg‘i saqlash sig‘imlari va uni quyish uskunalarini faqat sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilingan holda o‘rnatishga ruxsat beriladi. Zavodda ishlab chiqarilgan, sertifikatlangan modulli shoxobchalardan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Gaz quyish shoxobchalari uchun uskunalar quyidagi joylarda joylashtirilishi kerak:

  • xavfsiz masofani saqlagan holda;
  • mustahkam konstruksiyalar va poydevorlarda;
  • yong‘inga qarshi to‘siqlar, ikki qatlamli sig‘imlar va favqulodda avtoblokirovka bilan jihozlangan.

Sentabr oyidan xavfsizlik, shaharsozlik va ekologik talablarga rioya qilmayotgan hamda odamlar uchun xavf tug‘dirayotgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari maxsus reyestrga kiritiladi. Bunday obyektlarni xavfsiz hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish rejalashtirilgan. Bunda tadbirkorlarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari saqlab qolinadi.


O‘zbekiston kompaniyalari xorijga yiliga $200 minggacha investitsiya kiritishi mumkin

16-sentabrdan O‘zbekistondagi xususiy kompaniyalar oldindan ruxsat olmasdan xorijiy korxonalarga investitsiya kiritish, shuningdek, chet elda filial, vakolatxona va savdo uylari ochish uchun yiliga $200 minggacha mablag‘ yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.

Davlat ulushi mavjud kompaniyalar uchun limit yiliga $100 ming etib belgilanadi. Bundan tashqari, xususiy biznes xorijdagi filial va vakolatxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun yiliga $100 minggacha, davlat ishtirokidagi kompaniyalar esa $50 minggacha mablag‘ o‘tkazishi mumkin.

Jismoniy shaxslar uchun ham kapitalni xorijga chiqarish soddalashtiriladi: fuqarolar xorijiy kompaniyalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ularda ishtirok etish uchun yiliga $10 minggacha mablag‘ o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Barcha bunday operatsiyalar FERUz valyuta operatsiyalarini hisobga olish tizimida ro‘yxatga olinadi.


Ayrim import tovarlari ro‘yxatini ekspertizadan o‘tkazish tartibi o‘zgaradi

1-sentabrdan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llangan holda import qilinadigan tovarlar ro‘yxatini kompleks ekspertizadan o‘tkazish funksiyasi Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazidan O‘zbekekspertiza'ga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, yirik va mega loyihalarning loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida ularning tayyor bo‘limlarini parallel ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ilgari markazda ekspertizadan o‘tgan loyihaga o‘xshash loyihalar uchun loyihaoldi hujjatlarini tezlashtirilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Shu sanadan loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiquvchi institut va tashkilotlarning reytingi ham yuritiladi. Ular faoliyati natijalariga ko‘ra “yuqori”, “o‘rta” va “past” ishonchlilik darajalariga ajratiladi. Reyting doimiy yangilanib, platformaga joylashtirib boriladi.

Bundan tashqari, o‘rta, yirik va mega loyihalar uchun tashkilot tanlashda faqat eng arzon narx emas, sifat, tajriba va narx mezonlari hisobga olinadi.


Doktorantura uchun yangi talablar va oshirilgan stipendiya joriy etiladi

1-sentabrdan davlat budjeti hisobidan tayanch doktorantura va doktoranturada kadrlar tayyorlash tartibi o‘zgaradi.

Unga ko‘ra, doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60%i ustuvor ilmiy ixtisosliklarga ajratiladi. Ushbu yo‘nalishlarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi.

Shuningdek, tadqiqot uchun zarur jihozlarni xarid qilishga har oy bazaviy stipendiyaning 30%i miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Tayanch doktoranturaning birinchi yilida ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozish, statistika va ma’lumotlar tahlili kabi fanlardan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, ilmiy rahbar doktorantning ixtisosligiga mos fan yo‘nalishida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabulda milliy sertifikatga ega talabgorlarga mutaxassislik fanidan avtomatik ravishda maksimal ball berish tartibi esa bekor qilinadi.


Qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini ajratish vakolati boshqa tashkilotga o‘tkaziladi

Xo‘jaliklarga ayrim qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini ajratish vakolati Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligiga o‘tkaziladi.

Agentlik qishloq xo‘jaligi subyektlariga o‘z mablag‘lari va tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotishda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining bir qismini qoplab beradi.

Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilingan paxta xomashyosi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratiladi.


Tibbiyot assotsiatsiyalarining vakolatlari kengaytiriladi

Tibbiyot assotsiatsiyalariga tibbiy yordam ko‘rsatish standartlarini ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqishda ishtirok etish vakolati beriladi.

Shuningdek, ular Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi taklifiga ko‘ra, statsionar tibbiyot tashkilotlarida xizmatlar sifatini baholashda qatnashadi.

Bundan tashqari, assotsiatsiyalar tibbiyot xodimlarining malakasini baholash, sertifikatlash va qayta tayyorlash jarayonlarida mustaqil professional ekspert sifatida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.


Turistlarni jalb qilishda turoperatorlar xarajatlari qoplab beriladi

Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijdan O‘zbekistonga turist jalb qilishga qaratilgan bir qator xarajatlar qoplab beriladi.

Xususan, 2030-yil oxirigacha xorijiy davlatlardan turistlarni jalb qilish uchun taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi qoplanadi.

Shuningdek, mahalliy turoperatorlarning xorijda O‘zbekiston turizmini targ‘ib qilish tadbirlari xarajatlarining 25% gacha, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan qismi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlarning sayyohlar uchun madaniy-ommaviy, konsert-tomosha va boshqa madaniy tadbirlarni tashkil etish xarajatlarini bir yilgacha qisman moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.


Ayrim nogironligi bo‘lgan shaxslar parvarishi uchun nafaqa beriladi

1-sentabrdan 18 yoshdan katta, chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarni parvarish qilayotgan qonuniy vakillarga har oy parvarishlash nafaqasi to‘lanadi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Muruvvat” internat uylari “G‘amxo‘rlik” markazlari deb qayta nomlanadi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini muvofiqlashtirish markazi tashkil etiladi.


Muddatli harbiy xizmatdagi askarlarga ta’lim krediti beriladi

1-sentabrdan muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan davrida oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan askarlarga o‘qishning birinchi yili uchun ta’lim krediti ajratiladi.

Kredit Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi.


Erta nikoh haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi

Nikoh yoshi yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun undirilgan jarimaning 15%i bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari hamda “Inson” markazlariga xabar berish majburiyati mahalla, FHDYO, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idoralar vakillariga yuklanadi.


Kino, teatr va san’at sohasiga 10 yilga soliq imtiyozlari beriladi

1-sentabrdan 2036-yil 1-yanvargacha madaniyat va san’at sohasidagi ayrim tashkilotlarga soliq imtiyozlari beriladi.

Jumladan, konsert-tomosha, kino, bolalar kontenti yaratish bilan shug‘ullanuvchi subyektlar, nodavlat teatr va teatr-studiyalar hamda xususiy ta’lim tashkilotlari QQS, foyda, aylanmadan olinadigan, yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinadi. Ularning xodimlariga esa JSHDS bo‘yicha imtiyoz beriladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda kino mahsuloti yaratadigan xorijiy kompaniyalarning bundan olgan daromadlari ham soliq bazasiga kiritilmaydi.


Talabalar startaplarini rivojlantirish dasturi ishga tushadi

Oliy ta’lim tashkilotlarida “Oliygohlar — startaplar generatori” dasturi amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, oliygohlarda IT Park va venchur jamg‘armalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari tashkil etiladi. Talabalar uchun xalqaro akseleratorlar va universitetlarda stajirovka hamda almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, oliygohlarga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga har bir loyiha uchun $20 minggacha o‘z mablag‘laridan investitsiya kiritish huquqi beriladi.

Talabalar akseleratorlarida “startap menejer” va “startap treker” lavozimlari ham joriy etiladi.


Davlat xaridlarida elektron-skoring tizimi ishga tushiriladi

Davlat xaridlarining maxsus axborot portalida ishtirokchilar faoliyatini avtomatik baholovchi elektron-skoring tizimi ishga tushiriladi.

Unga ko‘ra, ishtirokchilarga davlat xaridlaridagi ishonchlilik darajasiga qarab “yuqori”, “o‘rta”, “past” va “eng past” baholar beriladi.

“Yuqori” darajadagi ishtirokchilardan zakalat to‘lash talab etilmaydi. Shuningdek, tender va eng yaxshi takliflarni tanlashda ishonchlilik darajasiga qarab qo‘shimcha ball beriladi.

“Past” va “eng past” darajadagi ishtirokchilar uchun esa davlat xaridlarida qatnashish mumkin bo‘lgan xaridlarning maksimal qiymatiga nisbatan me’yorlar belgilanadi. Ular uchun bepul onlayn o‘quv kurslari ham tashkil etiladi.


Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga bepul yuridik yordam beriladi

Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga tegishli protsessual harakatlarga jalb etilgan vaqtdan boshlab davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.

Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatmalari majburiy ravishda video yozuvga olinadi.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tashkilotlari xodimlari aniqlangan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida xabar bermasa, ular uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.


Madaniyat va san’at tanlovlari g‘oliblariga 300 mln so‘mgacha mukofot beriladi

Madaniyat, san’at va adabiyot sohasidagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘olib hamda sovrindorlari uchun bir martalik pul mukofotlari joriy etiladi.

Xalqaro tanlovlarda Gran-pri va 1-o‘rin sohiblariga 300 mln so‘m, 2-o‘ringa 200 mln so‘m, 3-o‘ringa 100 mln so‘m beriladi. Respublika tanlovlarida esa mukofotlar mos ravishda 100 mln, 50 mln va 25 mln so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagan o‘qituvchi yoki konsertmeysterga bir yil davomida oylik maoshining 100 foizigacha ustama to‘lanadi.

Nufuzli xalqaro tanlov g‘oliblari va ularning ustozlarining tanlovlarda qatnashish xarajatlari ham davlat budjetidan to‘liq qoplab beriladi.

Ushbu qo‘llab-quvvatlash choralari xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan shaxslarga ham tatbiq etiladi. Tanlovlarning nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.


Nogironligi bo‘lgan yosh ijodkorlar uchun ustaxonalar tashkil etiladi

Budjetdan moliyalashtiriladigan teatr va konsert-tomosha muassasalaridagi raqs jamoalari xodimlarining tarif koeffitsiyentlari ikki baravar oshiriladi.

Imtiyozli pensiya uchun talab qilinadigan 20 yillik ish stajining kamida 15 yili raqqoslik faoliyatiga to‘g‘ri kelgan taqdirda, qolgan 5 yil uchun baletmeyster yoki balet bo‘yicha repetitor sifatida ishlagan davr ham hisobga olinadi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun hududlarda inklyuziv ijodiy ustaxonalar tashkil etiladi. Ularni tashkil qilish, darsliklar va ijodiy jihozlar bilan ta’minlash uchun har yili Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasidan 30 mlrd so‘m ajratiladi.


Parrandachilik loyihalariga kreditlar 10% stavkada ajratiladi

Parrandachilik xo‘jaliklari, parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchilar va “tayyor biznes” loyihalarini moliyalashtirish uchun kreditlar 10% stavkada ajratiladi.

Mablag‘lar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Mikrokreditbankga yo‘naltirilgan resurslar hisobidan beriladi.

Imtiyozli stavka faqat 2026-yil 1-sentabrdan boshlab yangidan rasmiylashtiriladigan kredit shartnomalariga nisbatan qo‘llanadi.


Mahalliy charm va poyabzal ishlab chiqaruvchilarga davlat xaridlarida imtiyoz beriladi

Davlat xaridlarida ishtirok etuvchi korxonalarga mahalliy charm xomashyosi va butlovchi qismlardan foydalanish darajasi, yaratilgan ish o‘rinlari hamda ro‘yxatdan o‘tkazilgan savdo belgisi va brendiga qarab qo‘shimcha ball va 15% gacha narx preferensiyasi beriladi.

Shuningdek, davlat buyurtmachilari uchun maxsus poyabzal xaridlarida uning muvofiqlik sertifikati haqidagi ma’lumotni davlat xaridlari elektron tizimiga joylashtirish talabi joriy etiladi.


Xususiy maktablarga korreksion sinflar uchun subsidiya ajratiladi

1-sentabrdan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilish uchun “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi.

Unga ko‘ra, ijtimoiy xodim ota-onalarga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilishda amaliy yordam beradi. Shuningdek, bolaning ushbu xizmatlardan foydalanishi muntazam kuzatib boriladi. Zarurat bo‘lsa, bola va uning oilasini boshqa ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish choralari ham ko‘riladi.

Bundan tashqari, korreksion sinf tashkil etgan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga ushbu sinfdagi har bir o‘quvchi uchun subsidiya beriladi.

Subsidiya miqdori:

  • Toshkent shahrida — BHMning 11 baravari (4,84 mln so‘m);
  • viloyatlar markazlari va Nukus shahrida — BHMning 9,5 baravari (4,18 mln so‘m);
  • boshqa tuman va shaharlarda — BHMning 8,5 baravari (3,74 mln so‘m).

Toshkent va Samarqand aeroportlarida Migratsiya maslahat byurolari tashkil etiladi

Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi xizmatlar ishga tushiriladi. Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining “1146” qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaatlar qabul qilinib, fuqarolarga ijtimoiy, psixologik va huquqiy masalalarda maslahat hamda axborot beriladi.

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsulliklarida ham jabrlanganlar uchun ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda ijtimoiy, psixologik, huquqiy va moddiy masalalar bo‘yicha maslahat beriladi.

Shuningdek, Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanadigan Migratsiya maslahat byurolari tashkil etiladi.


Boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy markazlarga joylashtirish tartibi o‘zgaradi

2026-yil 1-sentyabrdan boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.

Endilikda ular markazlarga faqat o‘z roziligi bilan joylashtiriladi. Markazga qabul qilingan shaxslar vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, ular individual reja asosida ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olinadi.


Ichimlik suvi va oqova suv loyihalari yagona elektron platformada aks ettiriladi

O‘zsuvta'minot foydalanishga topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasi loyihalarini maxsus elektron platformada aks ettirib boradi.

Shuningdek, kompaniya va uning tizim korxonalari o‘rtasidagi tor doiradagi malaka oshirish, o‘qitish hamda ekspluatatsiyaga oid shartnomalar to‘g‘ridan to‘g‘ri tuziladi.

Ichimlik suvi va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kredit va grant mablag‘lari oldindan xarid, retroaktiv kabi moliyalashtirish usuli orqali jalb qilinadi.


So‘mdagi davlat obligatsiyalari J.P. Morgan indeksiga kiritiladi

Sentabr oxirigacha O‘zbekistonning so‘mdagi davlat obligatsiyalari rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy valyutadagi davlat obligatsiyalarini kuzatuvchi GBI-EM (J.P. Morgan) indeksiga kiritiladi. Hozir ushbu indeksga 20 ta davlat kiradi va xalqaro investorlar undan investitsiya qarorlarini qabul qilishda foydalanadi.

O‘zbekiston MDH davlatlari orasida milliy valyutadagi suveren obligatsiyalari GBI-EM indeksiga kiritilgan yagona mamlakat bo‘ladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu xorijiy investorlar doirasini kengaytirish, so‘mda ko‘proq moliyalashtirish jalb qilish va kelgusida tashqi qarz olish qiymatini kamaytirishga yordam berishi mumkinligini ta’kidladi. Masalan, Paragvay obligatsiyalari indeksga kiritilgach, mamlakat emitentlari uchun qarz olish stavkalari 1 foiz bandigacha pasaygan.