O‘zbekistonda ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshiriladi. Prezident 23-iyun kuni bu bo‘yicha tegishli farmonni (PF-115-son) imzoladi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar va nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 7% ga oshiriladi.

Bunda yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘mni (oldin 918 ming so‘m), nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori esa oyiga 1 083 ming so‘mni (1 012 000 so‘m) tashkil etadi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan 1 ta kichik farzandi uchun — 386 ming so‘m (oldin 360 ming so‘m);
  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1 ta farzandi uchun — 295 ming so‘m (275 ming so‘m);
  • oilaning 2-farzandi uchun qo‘shimcha — 177 ming so‘m (165 ming so‘m);
  • oilaning 3- va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha — 118 ming so‘m (110 ming so‘m).

Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 450 ming so‘m (oldin 420 ming so‘m edi) etib belgilandi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 7% ga oshiriladi.

1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 504 000 so‘m etib belgilandi. Amalda bu miqdori 471 ming so‘mni tashkil etgandi.

Oxirgi marotaba pensiya va nafaqalar miqdori roppa-rosa bundan bir yil oldin — 2025-yilning 1-iyulidan boshlab oshirilgan edi.