O‘zbekistonning so‘mdagi suveren xalqaro obligatsiyalari 30-sentabrdan Government Bond Index — Emerging Markets (GBI-EM) indeksiga kiritiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati J.P. Morgan investitsiya bankiga tayanib xabar berdi.

Gap rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlarning milliy valyutadagi davlat obligatsiyalari bozorini kuzatib boruvchi indeks haqida bormoqda. Hozirda unga 20 ta davlat kiradi, ulardan 13 tasi investitsiyaviy reytingga ega. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, GBI-EM‘dan investitsiyaviy qarorlar qabul qilishda foydalanadigan xalqaro investorlar $300 mlrddan ortiq aktivlarni boshqaradi.

Joriy yilda O‘zbekiston milliy valyutada $1 mlrd (12,2 trln so‘m) ekvivalentidagi uch yillik suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi. Foiz stavkasi yillik 12,25% ni tashkil etdi — bu ichki moliya bozoridagi stavkalardan o‘rtacha 14 bazis punktga pastdir.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining ta‘kidlashicha, ushbu bitim so‘nggi 15 yil ichida Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada milliy valyutadagi eng yirik joylashuv bo‘ldi.

O‘zbekiston milliy valyutadagi suveren obligatsiyalari GBI-EM‘ga kiritilgan MDHdagi yagona davlatga aylanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, indeksga kiritilish xalqaro investorlarning mamlakat iqtisodiyotiga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi, investorlar doirasini kengaytirishga yordam beradi va tashqi qarz olish qiymatini pasaytirishi mumkin.

Vazirlik misol tariqasida Paragvayni keltiradi: uning milliy valyutadagi suveren obligatsiyalari GBI-EM‘ga kiritilganidan so‘ng, mamlakat emitentlari uchun qarz olish stavkalari 1% punktigacha pasaygan.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bahosiga ko‘ra, indeksga kiritilish milliy valyutada moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, valyuta xatarlarini kamaytiradi va qarz olish manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Kredit reytinglarining oshirilishi

Shuningdek, vazirlik obligatsiyalarning indeksga kiritilishini O‘zbekistonning 2025−2026-yillardagi suveren kredit reytinglari oshishi bilan bog‘lamoqda.

Xususan, Fitch Ratings 2025-yil iyun oyida mamlakat reytingini BB- darajasidan BB darajasigacha ko‘tardi, 2026-yil iyun oyida esa prognozni “barqaror"dan “ijobiy"ga o‘zgartirdi. S&P Global Ratings 2025-yil may oyida prognozni “ijobiy” darajaga ko‘tardi, o‘sha yilning noyabrida esa reytingni BB- darajasidan BB darajasigacha oshirdi. Moody‘s Ratings 2025-yil iyun oyida prognozni “ijobiy"ga, 2026-yil iyun oyida esa reytingni Ba3 darajasidan Ba2 darajasigacha ko‘tardi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, xalqaro reyting agentliklari makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning barqaror va diversifikatsiyalangan o‘sishi hamda byudjet ko‘rsatkichlarini yaxshilash siyosatini ijobiy baholagan.

Qayd etilgan omillar qatorida byudjet intizomining kuchaytirilishi, davlat qarzining barqaror darajada saqlanishi, xalqaro zaxiralarning o‘sishi va davlatning shartli majburiyatlarini boshqarish mexanizmlari mavjud.

So‘mdagi davlat obligatsiyalari bozori

Shu bilan birga, O‘zbekistonda davlat qimmatli qog‘ozlarining ichki bozori ham rivojlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, davlat obligatsiyalari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavka 2022-yildagi 17,1% dan 2026-yilning birinchi yarmida 12,6% gacha pasaydi. Bunda muomaladagi o‘rtacha muddat 1,5 yildan 2,35 yilgacha uzaydi.

2026-yilning birinchi yarmida o‘rta muddatli g‘aznachilik obligatsiyalari joylashuvlarning 69% ini va ikkilamchi bozordagi savdolarning 63% ini ta‘minladi. Davlat qarzi tarkibida g‘aznachilik obligatsiyalarining ulushi 9% gacha, milliy valyutadagi qarzning ulushi esa 12,2% gacha oshdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, shuningdek, xorijiy investorlarning ichki bozorga kirishi uchun infratuzilma rivojlantirilayotganini qayd etdi. Xususan, joriy yilda Raiffeisen Bank International O‘zbekistonda kastodial xizmatlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu xorijiy investorlarning mahalliy qimmatli qog‘ozlarga kirishini soddalashtirishi hamda xalqaro amaliyotga muvofiq ularni saqlash va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni ta‘minlashi lozim.

Spot, avvalroq, tartibga solinadigan korxonalar uchun gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilgani haqida yozgandi.