Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 15-iyuldagi yig‘ilishida energetika sektori korxonalari o‘rtasidagi hisob-kitoblar uchun elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish, shuningdek, tabiiy gazni tashish va yetkazib berish bo‘yicha tartibga solinadigan tariflarni tasdiqladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qilishicha, yangi tariflar 2026-yil 1-avgustdan kuchga kirdi. Ular tariflarni tartibga solinadigan aktivlar bazasi (RAB) metodologiyasi asosida shakllantirishga o‘tishning bir qismi hisoblanadi.

Tariflarning qayta ko‘rib chiqilishi 1-iyundan yoqilg‘i-energetika resurslari uchun yangi narxlar kuchga kirgani bilan bog‘liq. Qaror komissiyaning yetti nafar a’zosi ovozi bilan bir ovozdan qabul qilindi — qarshi yoki betaraf ovozlar bo‘lmadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tasdiqlangan tariflarning ayrimlari avval e’lon qilingan ko‘rsatkichlardan farq qiladi: elektr energiyasini ishlab chiqarish tarifi avvalgi 9% o‘rniga 8% ga, uzatish tarifi 30% o‘rniga 18% ga, taqsimlash tarifi esa 10% o‘rniga 4% ga oshirildi. Shu bilan birga, tabiiy gazni taqsimlash tarifi dastlab rejalashtirilganidan yuqori bo‘lib, avval e’lon qilingan 23% o‘rniga 28% ga oshdi.

elektr energiyasi, gaz, korxonalar, tariflar

Vazirlikdagi ma’lumotga ko‘ra, tariflar o‘rtasidagi farq yangi tariflarni tartibga solish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va keyingi tarif o‘zgarishlarini davlat budjeti sikli bilan muvofiqlashtirish qarori bilan izohlangan. Keyingi tarif oshirilishi 2027-yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan.

Bayonnomaga ilovaga ko‘ra, elektr energiyasini ishlab chiqarish tariflari ishlab chiqaruvchi korxonalarda sezilarli farq qiladi: O‘zbekgidroenergoda 1 kVt·soat uchun 522 so‘mdan Toshkent IESda 1126 so‘mgacha. Qolgan stansiyalarda esa tariflar 579 so‘mdan (Tolimarjon IES) 957 so‘mgacha (Taxiatosh IES) etib belgilangan.

O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari uchun elektr energiyasini uzatish tarifi 1 kVt·soat uchun 98 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yagona xaridor elektr energiyasini Energosavdo sotuv kompaniyasiga 704 so‘mdan sotishi, taqsimlash tizimi operatorlariga yo‘qotishlarni qoplash uchun 843 so‘m, uzatish tizimi operatorlariga esa 735 so‘mdan to‘lashi belgilandi.

Elektr energiyasini taqsimlash tariflari hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida 171 so‘mdan (Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari) 410 so‘mgacha (Qoraqalpog‘iston hududiy elektr tarmoqlari) farq qiladi.

Gaz bo‘yicha esa QQSni hisobga olgan holda 1 ming kub metr uchun to‘rtta tarif tasdiqlandi. UzGasTrade gazni Hududgazta’minotga 1,39 mln so‘mdan, O‘ztransgaz esa o‘z ehtiyojlari uchun 1,6 mln so‘mdan oladi. O‘ztransgazning UzGasTrade va boshqa xaridorlarga gaz tashish xizmati 195 ming so‘m, Hududgazta’minotning talabdan kelib chiqib ko‘rsatiladigan xizmati esa 240 ming so‘m etib belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi alohida ta’kidlaganidek, tasdiqlangan tariflar faqat energetika sohasidagi tartibga solinadigan korxonalar o‘rtasidagi hisob-kitoblarga taalluqli.

Ular aholi, biznes va boshqa yakuniy iste’molchilar uchun gaz va elektr energiyasining amaldagi chakana tariflarini o‘zgartirmaydi.

Vazirlik shuningdek, xalqaro moliya institutlari tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan RAB metodologiyasiga o‘tish korxonalar bildirgan barcha xarajatlar va investitsiya sarflari avtomatik ravishda tariflarga kiritilishini anglatmasligini qayd etdi. Har bir tarif bo‘yicha qarorni komissiya qonunchilikka muvofiq qabul qiladi.


Avvalroq Spot prezident energiya resurslaridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirgani haqida yozgandi.