Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Tegishli hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan 2030-yil 1-yanvargacha Agrar sohadagi to‘lovlar agentligi naslchilik xo‘jaliklariga nasldor sigir va urg‘ochi buyvol xaridi uchun subsidiya ajratadi.
Qayd etilishicha, birinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda 1,5 mln so‘m, ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda esa 2 mln so‘m subsidiya beriladi.
Bundan tashqari, xarid qilingan hayvonlarni birinchi yil davomida saqlash uchun 1 mln so‘mdan, keyingi 6 oy davomida saqlash uchun ham yana 1 mln so‘mdan qo‘shimcha subsidiya to‘lanadi.
Chorvachilikni rivojlantirish agentligi huzurida ixtisoslashtirilgan servis kompaniyasi tashkil etiladi. U xorijda chorvachilik loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, import qilingan yirik va mayda shoxli mollarni aholiga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya import qilinadigan hayvonlar uchun karantin punktlari va dastlabki nazorat zonalarini tashkil etadi. Shuningdek, olib kirilgan chorva mollari uchun kamida bir yil davomida veterinariya, zootexnika va naslchilik xizmatlarini, jumladan sun’iy urug‘lantirish xizmatlarini ko‘rsatadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududiy hokimliklar bilan birgalikda har yili 1-fevral va 1-iyulgacha, 2026-yilda esa 1-sentabrgacha chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalar aholisining takliflarini Chorvachilikni rivojlantirish agentligiga taqdim etadi. Ushbu takliflar asosida aholiga chorva mollari yetkazib beriladi.
Bu maqsadlar uchun agentlikka Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasidan 60 mlrd so‘mgacha, Oziq-ovqat xavfsizligini rivojlantirish jamg‘armasidan esa yana 10 mlrd so‘m ajratiladi.
Shuningdek, prezident Chorvadorlar assotsiatsiyasini tashkil etishni ma’qulladi. Yangi tashkilot 2028-yil oxirigacha har yili o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va xodimlar ish haqini moliyalashtirish uchun 5 mlrd so‘mgacha mablag‘ oladi.
Avvalroq Spot 2028-yil oxirigacha chorvachilikni rivojlantirishga $463 mln yo‘naltirilishi haqida yozgandi.