Vazirlar Mahkamasi 18-iyun kuni yoqilg‘i quyish shoxobchalarida avariyalarning oldini olish va odamlar hayotiga xavf tug‘diruvchi omillarni bartaraf etish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Tegishli qaror Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yilda idoralararo ishchi guruhlar tomonidan O‘zbekiston bo‘ylab yoqilg‘i sotish bo‘yicha 6196 ta obyekt xatlovdan o‘tkazildi. Neft mahsulotlari, suyultirilgan va siqilgan gaz sotuvchi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish punktlari shular jumlasidandir.

Tekshiruvlar natijasida 46 737 ta qoidabuzarlik va kamchiliklar aniqlangan bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pi (25,3 mingtasi) sanoat va texnik xavfsizlikka taalluqli.

7949 ta holatda yong‘in xavfsizligi, 7875 tasida texnologik jarayonlarga rioya qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Yana 3354 ta qoidabuzarlik ekologiya, 2218 tasi esa qurilish me’yorlariga taalluqli bo‘lgan.

Joylarda 7166 ta kamchilik bartaraf etildi. Qo‘pol qoidabuzarliklar sababli 464 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasining faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.

Qarorda yonilg‘i quyish shoxobchalariga qo‘yiladigan yong‘in va sanoat xavfsizligi, shuningdek texnologik va ekologik normativlarga muvofiqlik bo‘yicha minimal talablar ro‘yxati belgilanadi. Ularga rioya etilishi FVV, O‘zenergoinspeksiya, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi va Ekologiya qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinadi.

1-sentabrdan boshlab barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ortiqcha bosim ostida ishlaydigan, xizmat muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi noma’lum bo‘lgan uskunalardan foydalanish cheklanadi. Cheklov 2030-yil boshigacha amal qiladi.

Ichki ishlar vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi Eco-Himoya platformasining avtomobillardagi gaz ballonlarining texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarini U-Gas tabiiy gazni sotishni hisobga olish tizimi bilan integratsiya qilishi kerak.

Buning yordamida yoqilg‘i quyish shoxobchalari operatorlari gaz ballon uskunalarining holati haqidagi ma’lumotlarni tekshirishlari mumkin bo‘ladi.

Avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarining ishlashi uchun U-Gas dan foydalanish majburiy talab sifatida belgilangan. Hozirda tizimda 1553 ta obyekt ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 1459 tasi to‘liq joriy etilgan.

Yonida yoqilg‘i saqlash idishlari va uni tarqatish uskunalari joylashgan konteynerlarni o‘rnatishga 1-sentabrdan boshlab faqat alohida talablarga rioya qilgan holda ruxsat beriladi. Sanoat xavfsizligi standartlariga javob beradigan, zavodda ishlab chiqarilgan sertifikatlangan modulli zapravkalardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Gaz quyish shoxobchalari uchun uskunalar quyidagi joylarda joylashtirilishi kerak:

  • xavfsiz masofani saqlagan holda;
  • mustahkam konstruksiyalar va poydevorlarda;
  • yong‘inga qarshi to‘siqlar, ikki qatlamli sig‘imlar va favqulodda avtoblokirovka bilan jihozlangan.

1-dekabrga qadar xavfli obyektlardagi yer usti suyultirilgan gaz sig‘imlarini bosqichma-bosqich ikki devorli sig‘imlarga almashtirish yoki yer ostiga ko‘chirish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, 1-sentabrgacha xavfsizlik talablari, shaharsozlik normalari va ekologik qoidalarni buzgan holda joylashgan hamda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan yoqilg‘i quyish shoxobchalari reyestrini tuzish topshirildi.

Bunday obyektlarni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yilmoqda. AGTKSHlar istisno tariqasida yangi joyda gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Yoqilg‘i quyish shoxobchalari va boshqa obyektlar ko‘chirilganda, biznesning yerga bo‘lgan huquqlari saqlanib qoladi. Hokimliklar va tegishli tuzilmalar o‘zlarining muhofaza zonalari doirasida yoqilg‘i quyish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan obyektlar qurilishi uchun yer ajratilishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak.