Dubay Savdo palatasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashining rasmiy ochilish marosimi va birinchi umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston va BAA ishbilarmon doiralari, yirik kompaniyalar, investorlar hamda biznes hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Unda kengash faoliyatining strategik ustuvor yo‘nalishlari taqdim etilib, ta‘sis hujjatlari imzolandi va B2B muzokaralar o‘tkazildi.
Dubai Chambers rahbariyati yangi kengash biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi bevosita va tizimli aloqalarni kengaytirish uchun institutsional maydonga aylanishini ta‘kidladi.
Kengash O‘zbekiston va BAA ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy muloqotni ta‘minlash hamda o‘zbek kompaniyalarining BAA bozoridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, investorlarni istiqbolli loyihalarga jalb etish va o‘zaro savdo hamda investitsiyalar hajmini oshirish ko‘zda tutilgan.
Iyun oyida O‘zbekiston-Iroq Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgandi.
Spot, avvalroq, ishbilarmonlik tadbirlarini tashkil etgan tadbirkorlarga QQSning yarmi qaytarilishi haqida yozgandi.
