Markaziy Osiyo mamlakatlari investorlar oldida yagona mintaqa sifatida chiqishi va kapital uchun o‘zaro raqobatlashmasligi foydaliroq. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarini yaxshilash Shavkat Mirziyoyev siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ishmetovning ta’kidlashicha, avval qo‘shnilar bilan munosabatlar buning aksicha bo‘lgan.
Markaziy bank rahbari qo‘shni davlatlar bilan aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va butun mintaqa iqtisodiy o‘sishiga “katta turtki” berganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, hozir O‘zbekiston barcha qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatlarga ega. “Bu biz uchun win-win vaziyat”, — dedi u.
Ishmetov alohida bir davlatni mintaqaviy xabga aylantirishga urinish o‘rniga, Markaziy Osiyoni yagona bozor sifatida rivojlantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
“Menimcha, qaysidir davlatni xab sifatida ko‘rish haqida o‘ylagandan ko‘ra, yagona mintaqa sifatida harakat qilganimiz ma’qul”, — deya ta’kidladi u.
Timur Ishmetov. Foto: skrinshot
Markaziy bank raisining so‘zlariga ko‘ra, investorlar uchun iqtisodiyot ko‘lami muhim. Shu sababli mintaqa mamlakatlari o‘z harakatlarini muvofiqlashtirib, Markaziy Osiyoni yagona iqtisodiy makon sifatida taqdim etishi foydaliroq.
Ishmetovning baholashicha, mintaqa aholisi hozirgi 80 mlndan ortiq ko‘rsatkichdan yaqin yillarda 100 mlnkishidan oshadi. Kelgusida mintaqa iqtisodiyoti $1 trln hajmga yetishi mumkin.
“Investitsiyalarni jalb qilish nuqtayi nazaridan har bir mamlakat uchun harakatlarimizni muvofiqlashtirish va qo‘shnilarimiz o‘rtasida o‘ziga xos ochiq bozor yaratish ma’qul”, — dedi u.
Avvalroq Markaziy bank raisi O‘zbekiston kapital harakatini yanada kengroq liberallashtirishga tayyorlanayotgani haqida aytgandi.