Dubayda mahalliy savdo palatasi — Dubai Chambers ko‘magida O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi (Uzbekistan Business Council in Dubai) faoliyatini boshladi. Uning ilk umumiy yig‘ilishi 26-avgust kuni bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Dunyo axborot agentligi.

Tadbirda O‘zbekiston va BAA ishbilarmon doiralari vakillari, investorlar hamda ikki davlat yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Loyihani O‘zbekiston elchixonasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakolatxonasi hamda o‘zbekistonlik tadbirkorlar hamjamiyati tashabbus qilgan.

Yig‘ilishda kengash faoliyatining strategik yo‘nalishlari taqdim etildi, ta’sis hujjatlari imzolandi va B2B formatida muzokaralar o‘tkazildi.

Kengashning asosiy vazifalari ikki davlat biznes hamjamiyatlari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, o‘zbekistonlik kompaniyalarning BAA bozoridagi ishtirokini kengaytirish va amirlik investorlarini istiqbolli loyihalarga jalb etishdan iborat.

Shuningdek, kengash o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish ustida ishlaydi. Dubai Chambers rahbariyatining fikricha, u kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tizimli aloqalarni rivojlantirish uchun samarali platformaga aylanishi mumkin.

baa, dubay, savdo sanoat palatasi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tadbirda muhokama qilingan asosiy mavzular qatorida o‘zaro investitsiyalarni ko‘paytirish va istiqbolli biznes imkoniyatlarini qayd etdi.

Tomonlar tajriba va ma’lumot almashish, shuningdek, qo‘shma biznes tadbirlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda BAA ta’sischilari ishtirokidagi 450 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. So‘nggi uch yilda amirlik investitsiyalari hajmi $3 mlrdni tashkil etgan. 2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $1,2 mlrdga yetgan.

Dubay savdo palatasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil oxirida palata tarkibida 826 ta faol o‘zbekistonlik kompaniya bo‘lgan. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 21,3% ko‘p. Joriy yilning birinchi yarmida yana 75 ta kompaniya Dubai Chambers safiga qo‘shilgan.


Avvaalroq Spot BAAning Rotana mehmonxona xoldingi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtiraytogani haqida yozgandi.