BAAning Rotana mehmonxona xoldingi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda Turizm qo‘mitasi.
Qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulov Rotana Hotel Management Corporation PJSC strategiya bo‘yicha direktori Amna al-Novays bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar mahalliy mehmonxona xizmatlari bozori istiqbollari va ziyorat turizmini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Kompaniya delegatsiyasi Samarqand yaqinidagi Imom al-Buxoriy majmuasi va uning atrofidagi turizm infratuzilmasiga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Amna al-Novays O‘zbekistonning turizm sohasidagi yutuqlarini qayd etib, Rotana bir nechta nufuzli mehmonxona brendlarini mahalliy bozorga olib kirish niyatida ekanligini ma’lum qildi.


Xususan, 5 yulduzli Rotana Hotels and Resort, Edge by Rotana premium segmentidagi 4 yulduzli mehmonxonalar, shuningdek, Centro Hotels by Rotana zamonaviy va qulay 3 yulduzli mehmonxonalar ochilishi rejalashtirilgan.
Qo‘mita ushbu tashabbus mamlakatda turizm infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qilishini kutmoqda. Yangi mehmonxona brendlarining ishga tushirilishi xalqaro standartlarga muvofiq xizmatlar sifatini oshirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishni ta’minlashi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar Rotana rahbariyatining 16−19 iyun kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi to‘g‘risida kelishib oldilar.
Bundan tashqari, kompaniya delegatsiyasi mehmondo‘stlik sohasidagi mavjud mehmonxonalar va istiqbolli loyihalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Avvalroq Spot Xitoyning Spring Airlines aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida yozgandi.

