Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi uch o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov qonun loyihasi yuzasidan ma’ruzasida o‘zbek tilining yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan ayrim dolzarb masalalarni hal etish zarurati saqlanib qolayotganini qayd etdi. Unga ko‘ra, ana shunday dolzarb masalalardan biri lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirishdir.
Vitse-prezidentning aytishicha, shu vaqtga qadar o‘tkazilgan o‘rganishlarda alifbodagi asosan to‘rtta harf — o‘, g‘, sh va ch bilan bog‘liq muammolar mavjudligi va ularni takomillashtirish zarurligi bo‘yicha xulosaga kelingan.
Nega aynan shu to‘rtta harf?
Abduhalimovning ta’kidlashicha, ilmiy tahlillar amaldagi o‘ va g‘ harflarini kompyuterda yozish bir necha amalni talab qilishini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, ularning o‘ndan ortiq turli ko‘rinishlari qo‘llanayotgani yagona standart shakllanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Mazkur belgilar xalqaro Unicode standartlarida mustaqil harf sifatida mavjud emasligi sababli IT, elektron qidiruv tizimlari, avtomatik tarjima, elektron lug‘atlar hamda o‘zbek tilini raqamlashtirish jarayonida jiddiy texnik muammolar yuzaga kelmoqda.
Shuningdek, sh va ch qo‘sh harflari o‘zbek tilida juda faol qo‘llanadi. Masalan, “shoshilinch”, “xushchaqchaq”, “achchiqtosh” kabi so‘zlarda ularning ketma-ket kelishi yozish va o‘qishda qiyinchilik tug‘diradi.
Bu ayrim imlo chalkashliklarini ham yuzaga keltirmoqda. Masalan, Is’hoq va As’hobiddin so‘zlari amalda ko‘pincha Ishoq va Ashobiddin tarzida noto‘g‘ri yoziladi.
Bundan tashqari, mo‘tabar, mo‘tadil, mo‘jiza kabi so‘zlarda o‘ harfidagi belgi bilan tutuq belgisi yonma-yon kelmasligi uchun alohida istisno qoidalarini belgilashga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa aholining savodxonligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yangi alifboda nima o‘zgaradi?
Fanlar akademiyasi vitse-prezidentiga ko‘ra, mutaxassislar ushbu muammolarni bartaraf etishning eng maqbul yo‘li sifatida milliy alifboning “bir tovush — bir harf” tamoyiliga tayanishni taklif qilgan.
Shundan kelib chiqib:
- g‘ harfi — Ğ ğ;
- o‘ harfi — Ö ö;
- sh harfi — Ş ş;
- ch harfi — Ç ç ko‘rinishida ifodalanishi taklif etilmoqda.
Bahrom Abduhalimov bu alifboni tubdan almashtirish emas, balki mavjud alifbodagi to‘rtta muammoli harfni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish ekanini alohida ta’kidladi.
Natijada takomillashtirilgan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat bo‘ladi. “U qardosh xalqlar tajribasi hamda umumturkiy alifbo tamoyillariga mos keladi”, — dedi u.


Taklif etilayotgan Ş, Ç, Ğ va Ö harflari turk, ozarbayjon, turkman, gagauz, qrim-tatar, nemis, shved, fin va venger tillarida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu belgilarni qariyb 300 mln kishi ishlatadi.
Vitse-prezidentning aytishicha, qonun qabul qilinsa:
- lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi takomillashtiriladi;
- imloviy, texnik va raqamlashtirish bilan bog‘liq muammolar bartaraf etiladi;
- yangi alifbo asosida yangi imlo qoidalari ishlab chiqiladi;
- amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar yangi qonunga moslashtiriladi;
- hukumat tomonidan qonunni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.
Shuningdek, 1993-yilda qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi, 1995-yildagi unga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun esa o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.
Qo‘shimcha xarajatlar bo‘ladimi?
Bahrom Abduhalimov islohot davlat budjetiga ortiqcha yuklama yuklamasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha o‘zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Darsliklar reja asosida qayta nashr etilganda, pasport va boshqa hujjatlarning amal qilish muddati tugaganda, milliy valyuta hamda tashqi yozuvlar tabiiy ravishda yangilanganda takomillashtirilgan alifbo qo‘llanadi.
“Ya'ni, hech qanday mavjud hujjatlar yoki mahsulotlarni muddatidan oldin almashtirish talab etilmaydi, bu esa ortiqcha moliyaviy xarajatlarning oldini oladi”, — dedi u.
Uning fikricha, qonun loyihasi ilmiy jihatdan puxta asoslangan, keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tgan va zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi.
Qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun Senat yuborildi. Agar yuqori palata uni ma’qullasa, hujjat imzolash uchun prezidentga taqdim etiladi.
Avvalroq Spot jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqishga ruxsat QR-kod orqali berilishi haqida yozgan edi.



