Avvalroq Spot O‘zbekistondagi bozorlar va savdo komplekslari E-bozor yagona platformasiga ulanishi haqida yozgan edi. Tizim 2026-yil 1-oktabrgacha sinov tarzida, 2027-yil 1-martgacha esa to‘liq ishga tushiriladi.

Hukumat qarori bilan 1-sentabrgacha hududlardagi jami 280 ta bozor va savdo kompleksi, ularga tutash avtoturargohlar to‘liq raqamlashtirilib, yangi platformaga integratsiya qilinadi.

Bundan tashqari, uch oy ichida davlat ulushi mavjud bozor va savdo komplekslari faoliyatini tartibga soluvchi hukumat qaroriga o‘zgartirishlar loyihasi ishlab chiqiladi.

1-avgustdan boshlab jarima maydonchasidan transport vositasini olib chiqishga ruxsat faqat Jarima maydonchasi axborot tizimi orqali QR-kod bilan elektron shaklda beriladi.

Ichki ishlar vazirligi Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy ichida mazkur tizimni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qiladi.

Natijada jarima maydonchasiga joylashtirilgan transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar — transport markasi, davlat raqami, maydonchaga kiritilgan va chiqarilgan vaqti, undirilgan to‘lov va boshqalar soliq tizimida avtomatik shakllanadi.

Shuningdek, unga qonunbuzarlik uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning rekvizitlari ham kiritiladi.

Joriy yil aprel oyidagi hukumat qarori bilan avtomobilni jarima maydonchasidan olib chiqish uchun Yagona portal, YHXX mobil ilovasi yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali elektron murojaat qilish imkoni yaratilishi belgilangan edi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni 4,9 mlndan oshgani haqida yozgan edi.