Hukumat 2-iyul kuni bozorlar va savdo komplekslarini raqamlashtirish, korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan qarorni (VMQ-358-son) qabul qildi.

Unga ko‘ra, mamlakatdagi bozorlar va savdo komplekslari bosqichma-bosqich “E-bozor” yagona raqamli platformasiga ulanadi. Platforma 2026-yil 1-oktabrgacha sinov tariqasida, 2027-yil 1-martgacha esa to‘liq ishga tushiriladi.

Soliq qo‘mitasiga Raqamli texnologiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ushbu platformani joriy etish topshirildi.

Platformada bozorlar va savdo komplekslarining pasporti, manzili, bo‘sh savdo o‘rinlari va shoxobchalari haqida ochiq ma’lumotlar joylashtiriladi. Fuqarolar bozor ma’muriyatiga elektron murojaat yuborish va javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, 1-dekabrgacha E-bozor platformasi Adliya vazirligi, Kadastr agentligi va boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi. Platformani yaratish va integratsiya qilish xarajatlari Soliq qo‘mitasining maxsus jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Soliq qo‘mitasi platforma operatori etib belgilandi. U korrupsiya va yashirin iqtisodiyotning oldini olish maqsadida platformani doimiy takomillashtirib boradi.

Qo‘mita har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlarini biriktirib, kunlik tushumlarning haqqoniyligini doimiy monitoring qiladi. Shuningdek, 2026-yil 1-oktabrgacha barcha bozorlarning ixtisoslashuvi, ish tartibi, savdo nuqtalari va ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqidagi ma’lumotlar platformaga kiritiladi.

Bundan tashqari, idoraga Markaziy bank bilan birgalikda uch oy ichida bozor hududlaridagi avtoturargohlarda yagona QR-kod orqali to‘lov qilish imkoniyatini yaratish topshirildi. Ikki oyda esa tadbirkorlar to‘liq onlayn nazorat-kassa texnikalari yoki QR-kodli yorliqlar bilan ta’minlanishi kerak.

Bozorlar va avtoturargohlarda o‘rnatilgan elektron shlagbaumlar yoki boshqa qurilmalar soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinishi majburiy bo‘ladi. Ushbu talab bajarilmasa, Soliq kodeksiga muvofiq jarima qo‘llanadi.

Shuningdek, ikki oy muddatda bozorlar va savdo komplekslaridagi savdo shoxobchalari va nuqtalari hamda tadbirkorlik subyektlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, soliq obyekti sifatida hisobga qo‘yiladi.

Avvalroq Spot Qo‘yliq bozorida iste‘molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari sotuvdan olingani haqida yozgan edi.