Toshkentdagi Qo‘yliq dehqon bozorida sanitariya-epidemiologik nazorat tadbiri o‘tkazilib, iste‘molga yaroqsiz 205 kg oziq-ovqat mahsulotlari muomaladan chiqarildi. Bu haqda Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi xabar berdi.

Reyd davomida saqlash va sotish talablariga rioya etilmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, kelib chiqishi noma‘lum hamda sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari savdosi aniqlangan.

Xususan, muomaladan 54 kg mol go‘shti qiymasi, 23 kg tovuq go‘shti qiymasi, 11 kg banan, 12 kg karam salati, 7 kg qizil sabzi salati, 12 kg tvorog hamda ikkilamchi polietilen idishlarda saqlanayotgan 86 litr sut va sut mahsulotlari chiqarilgan.

Qayd etilishicha, jami 205 kg iste‘molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari amaldagi sanitariya qoidalari va belgilangan tartib asosida yo‘q qilingan.

Sanepidqo‘mita fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda ularning sifati, yaroqlilik muddati va saqlash sharoitlariga alohida e‘tibor qaratishni tavsiya qildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi nazorati yagona tizimga o‘tkazilishi haqida yozgandi.