Xivada Accor guruhiga qarashli Mercure brendi ostidagi mehmonxona o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Mehmonxona 145 ta xonadan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 300 nafargacha mehmonni qabul qila oladi. O‘zbekiston24 telekanalining xabar berishicha, bu o‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi chog‘ida foydalanishga topshirilgan obyektlardan biriga aylangan.

Mehmonxona qurilishiga $26 mln miqdorida xorijiy sarmoya jalb etilgan.

Ta‘kidlanishicha, Mercure mehmonxonasi mintaqadagi xalqaro brendga tegishli birinchi maskan bo‘ldi. Uning ochilishi 200 ta yangi ish o‘rni yaratishga va aholi daromadlari o‘sishiga xizmat qiladi.

Accor 2022-yil dekabr oyida Mercure Khiva mehmonxonasi ochilishini e‘lon qilgan edi. Kompaniya SRG Projects bilan 2025-yilda Xivada mehmonxona qurish va ochish to‘g‘risida kelishuv imzolagan.

Mehmonxona uchun Ichan qal‘a yaqinida, temiryo‘l vokzalidan 10 daqiqalik, Urganch aeroportidan esa yarim soatlik masofada joylashgan hudud tanlangan. Accor ma‘lumotlariga ko‘ra, mehmonxona 146 ta xona, basseynli SPA majmuasi, fitnes markazi, restoran, kafe va anjumanlar zallarini o‘z ichiga olishi kerak edi.

Bundan biroz avval Accor O‘zbekistondagi ilk mehmonxonasi — 126 xonali Mercure Tashkent ochilganini e‘lon qilgandi. Shuningdek, 2022-yil oxirida Buxoroda Mercure brendiga qarashli yana bir mehmonxona ishga tushirilgan.


Spot, avvalroq, Rotana mehmonxonalar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.