Prezidentning 13-oktabrdagi qarori bilan ilg‘or “yashil” texnologiyalar asosida issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi nol foiz etib belgilandi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari va baliqchilik korxonalarining o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni sotishdan olgan foydasiga ham nol foizli foyda solig‘i stavkasi qo‘llanadi.
Issiqxona faoliyatidan olgan daromadi joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 60% ini tashkil etadigan xo‘jaliklar uchun 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvargacha ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilandi.
Bunday tadbirkorlik subyektlari uchun 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk solig‘i stavkalari 50% ga kamaytiriladi.
2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha issiqlikni tejovchi maxsus qoplamalardan yoki energiya samarador “yashil” isitish vositalaridan foydalanadigan issiqxonalarga oktabr-mart oylarida iste‘mol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50% i subsidiya sifatida qoplanadi.
Bunda issiqlik nasoslari, geotermal va quyosh isitish tizimlari hamda elektr energiyasiga asoslangan yuqori samarali isitish uskunalaridan foydalanish nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2030-yil 1-yanvargacha Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlarida aholi tomorqalaridagi issiqxonalarni isitish uchun quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari va boshqa energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish hamda o‘rnatish xarajatlarining 40% i, biroq 100 mln so‘mdan oshmagan qismi bir martalik subsidiya sifatida qoplanadi.
Toshkent viloyatining issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallasida Kambag‘allikni qisqartirish maqsadli jamg‘armasi hisobidan har bir oilaga 200 mln so‘mgacha subsidiya ajratish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish doirasida tajriba tariqasida tomorqa va dehqon xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlariga ega jismoniy shaxslarga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Jumladan:
- “Yashil” texnologiyalarga asoslangan yangi issiqxona tashkil etish uchun — 300 mln so‘mgacha;
- Mavjud issiqxonalarni qayta jihozlash uchun — 150 mln so‘mgacha.
Issiqxonalarni tashkil etish va ijtimoiy daftarlar bo‘yicha subsidiyalar ajratishda Adliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas‘ul hisoblanadi.
13-oktabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda issiqxonalarni modernizatsiya qilish uchun 3 mlrd so‘mgacha kredit ajratilishi aytilgandi.
Spot avvalroq Toshkentdagi issiqxonalarga filtrlar o‘rnatish sharti bilan ko‘mirdan foydalanishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.