Avvalroq prezident madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Har yili Milliy ijodkorlar qurultoyi o‘tkaziladi. Bu 21 ta ijodiy birlashmaning o‘ziga xos yillik hisoboti bo‘ladi.
Qurultoyda birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarining badiiy kechasi tashkil qilinadi va ular munosib taqdirlanadi.
Mukofot musiqa sohasida kamida 10 ta asar yaratgan, xalq artisti yoki xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga ega, shuningdek xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lgan ijodkorlarga beriladi.
Shuningdek, adabiyot yo‘nalishida asarlari keng ommalashgan, katta adadda chop etilgan va teatr hamda kino sahnasiga olib chiqilgan shoir, yozuvchi va dramaturglar ham taqdirlanadi.
Ularga yil davomida har oyda 5 mln so‘mdan qalam haqi beriladi, O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi.
Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida davolanish xarajati to‘liq budjetdan qoplanadi. Ularning mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi.
Prezident sovrindorlar keyingi yili ham ijodini to‘xtatmay yangi natijalar qilsa, yuqoridagi imtiyozlarni olishda davom etishi haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Yosh iste‘dodlar, ularning ustozlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan boshlab respublika tanlovi g‘oliblariga 100 mln so‘m, nufuzli xalqaro tanlov sovrindorlariga esa 300 mln so‘mgacha mukofot beriladi va ishtirok etish xarajatlari to‘liq qoplanadi.
Ularning ustoz va murabbiylarining oylik maoshiga 100% gacha ustama to‘lanadi. Bunday imtiyoz va yengilliklar xususiy ijodiy guruhlarga ham tatbiq etiladi.
Har yili 100 nafar yoshning davlat hisobidan xorijiy madaniyat-san‘at dargohlarida ta‘lim olishi yo‘lga qo‘yiladi.
Mamlakatdagi yosh iste‘dodlarni aniqlab, yuzaga chiqaradigan, prodyuserlarni qo‘llab-quvvatlaydigan biznes loyihalarini ko‘paytirish maqsadida Ijodga investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi va yiliga 200 mlrd so‘m beriladi.
Spot, avvalroq, tadbirkorlarga xorijiy turistlarni jalb qilish xarajatlarining 25%igacha qismi qoplab berilishi haqida yozgandi.