Shavkat Mirziyoyev xavfli chiqindilarni samarali boshqarish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Prezident qarori Lex.uz saytida e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, tog‘-kon, metallurgiya, kimyo, neft-gaz va elektroenergetika tarmoqlaridagi radioaktiv hamda I-IV xavflilik sinfiga mansub kimyoviy chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytiriladi. Ularni tashish, saqlash va joylashtirish ustidan davlat nazorati kuchaytiriladi.
Radioaktiv va kimyoviy xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasini 20% ga yetkazish, qayta ishlanmaydigan chiqindilarni esa xavfsiz usulda joylashtirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish texnologiyalarini modernizatsiya qilish va xavfli moddalarni xavfsiz muqobillarga almashtirish orqali xavfli chiqindilar hajmini kamaytirish ko‘zda tutilgan.
2027-yil 1-yanvardan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi korxonalar ularni boshqarish bo‘yicha yillik rejalarni ishlab chiqishlari kerak bo‘ladi. Ular Chiqindilarni boshqarish agentligining hududiy bo‘linmalari bilan kelishiladi.
Rejalarda quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
- xavfli chiqindilar hajmini kamaytirish;
- xavfli chiqindilarni qayta ishlash va ularni xavfsiz joylashtirish ulushini oshirish;
- chiqindilarni qayta ishlash yoki ko‘mish uchun zarur infratuzilmaga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga topshirish.
Tashkilotlar har chorakda xavfli chiqindilar hajmi va ular bilan ishlash bo‘yicha ma’lumotlarni agentlik axborot tizimiga kiritishi shart bo‘ladi. Rejalarning bajarilishi Ekopolitsiya tomonidan nazorat qilinadi.
Shuningdek, korxonalar xavfli chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy muhandislik yechimlari va texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etadi. Bu yo‘nalishdagi investitsiya loyihalari Agentlik ishtirokida amalga oshiriladi.
Agentlik huzurida Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi tashkil etiladi. Uning tasarrufiga Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti huzuridagi Radioaktiv chiqindilarni saqlash respublika markazi hamda foydalanishdan chiqarilgan maxsus inshootlar va xavfli chiqindilarni saqlash maydonlari o‘tkaziladi.
Ekologiya qo‘mitasi 2027-yil boshigacha xavfli chiqindilar bo‘yicha ma’lumot almashish tizimini yaratadi. Unda I-III xavflilik sinfiga mansub chiqindilarning har bir partiyasi uchun raqamli pasport shakllantirilib, ularning hosil bo‘lgan joyidan utilizatsiya qilinadigan manzilgacha bo‘lgan harakati kuzatiladi.
Shu bilan birga, Agentlik uran konlari va boshqa uran merosi obyektlarini ekologik reabilitatsiya qilish tizimi operatori etib belgilanadi. Sohani Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tartibga soladi.
Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi uran merosi obyektlarida radioekologik monitoring olib boradi. Gidrometeorologiya xizmati ularga tutash suv obyektlaridagi radioaktiv ifloslanishni laboratoriyada tahlil qiladi, Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi esa yaqin aholi punktlarida radiatsiya monitoringini amalga oshiradi.
Avvalroq Spot Toshkent viloyatida bir oyda qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlash bo‘yicha 21 ta holat aniqlangani haqida yozgandi.