Toshkent viloyatida Ekopolitsiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan ekologik reydlarda qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 21 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Reydlar 15-iyundan 16-iyulgacha kunduzgi va tungi vaqtlarda o‘tkazilgan. Aniqlangan holatlar yuzasidan qoidabuzarlarga ma‘muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jarimalar qo‘llanildi.

Shuningdek, 14 ta transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga takroran tashlagan ikki yuk avtomobilini musodara qilish masalasini ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlar sud organlariga yuborildi.

Qo‘mita fuqarolar va tadbirkorlarni qurilish chiqindilarini faqat belgilangan joylarga tashlashga hamda ekologik talablarga qat‘iy rioya etishga chaqirdi.

Spot, avvalroq, uch oyda noqonuniy chiqindi tashlash bilan bog‘liq qariyb 1,6 mingta holat aniqlangani haqida yozgandi.