2026-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 1548 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi ma‘lum qildi.
Qayd etilishicha, holatlarning 354 tasi transport vositalari, 1194 tasi esa fuqarolar tomonidan sodir etilgan.
Huquqbuzarlarga nisbatan ma‘muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.
Agentlik ma‘lumotlariga ko‘ra, aniqlangan huquqbuzarliklarning 16,9%i bo‘yicha jarima qo‘llanilgan. Kuzatuv kameralari orqali rasmiylashtirilgan jarimalarning umumiy summasi 123,4 mln so‘mni tashkil etdi.



Hozirda respublikaning deyarli barcha hududlarida 700 dan ortiq onlayn kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Ular noqonuniy chiqindi tashlash bilan bir qatorda boshqa ekologik huquqbuzarliklarni aniqlashda ham foydalanilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 300 dan ortiq chiqindi qoidabuzarlari jarimaga tortilgandi. 700 ga yaqin kuzatuv kamerasi yordamida 2 107 ta chiqindi bilan bog‘liq huquqbuzarlik qayd etilib, shundan 322 tasi bo‘yicha jarima qo‘llanilgan edi.
Spot, avvalroq, ko‘p kvartirali uylar hududlarida daraxt kesish va chiqindi tashlash taqiqlanishi haqida yozgandi.


