Avvalroq Adliya vazirligi Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, boshqarish organi aholiga qulaylik yaratish maqsadida ko‘p kvartirali uyga tutash yerda o‘rindiqlar o‘rnatish kerakligi belgilandi.

Shuningdek, tegishli masofada chiqindilarni tashlash uchun ularni ajratuvchi o‘rnalar joylashtirishi lozim.

Uylar tutash hududlarda maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar uchun o‘yin maydonchalari, shuningdek katta yoshdagilar dam olishi uchun hududlar bo‘lishi kerak. Jismoniy mashg‘ulotlar uchun maydonlar ham tashkil etilishi lozim.

Bundan tashqari, maishiy chiqindilarni yig‘ish joylari hamda it va boshqa uy hayvonlarini sayr qildirish uchun maxsus hududlar ajratiladi.

Hududlarda velosiped, samokat va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda bolalar aravachalarini saqlash joylari ham bo‘lishi kerak.

Uylarga tutash yer uchastkasi hamda infratuzilma obyektlari obodonlashtirilishi, daraxtlar va o‘simliklarga, o‘tish yo‘lkalari va trotuarlarga suv sepish uchun muhandislik-texnik qurilmalar bilan jihozlanishi, elektr yoritish tizimiga ega bo‘lishi kerak.

Ko‘p kvartirali uylar va ularga tutash hududlarda tegishli ruxsatnomasiz daraxt va butalarni ko‘chirib ekish yoki kesish taqiqlanadi.

Hududlarni metall parchalari, qurilish, maishiy va boshqa chiqindilar bilan to‘ldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Daraxtlarga arqon va simlar bog‘lash, belanchak osish hamda reklama materiallarini yopishtirish mumkin emas. Gulzorlar, maysazorlar va yo‘laklarni chiqindilar bilan ifloslantirish taqiqlanadi.

Ko‘kalamzor hududlar, bolalar va sport maydonchalari, shuningdek dam olish joylaridan avtoturargoh sifatida foydalanish mumkin emas. Ko‘kalamzor hududlarni o‘zboshimchalik bilan qisqartirish, jumladan ularni beton yoki boshqa materiallar bilan qoplash taqiqlanadi.

Yashil o‘simliklar bilan band hududlarda har qanday materiallarni to‘plashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, yashil o‘simliklar yaqinida ularga zarar yetkazuvchi kimyoviy moddalarni sepish yoki ular bilan sug‘orish taqiqlanadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda ko‘p qavatli uy-joylarni foydalanishga topshirish qat’iylashtirilishi haqida yozgandi.