Adliya vazirligi Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlikning Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylar uchun boshqarish organlari tomonidan umumiy texnik pasport yuritiladi.
Boshqarish organlari yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar, kuzatuv kameralari va domofonlar soz holatda saqlanishi, xomashyo, materiallar, yoqilg‘i, inventar va xo‘jalik anjomlarini sotib olish ishlarini amalga oshirishadi.
Ko‘p kvartirali uyning fasad qismlarida va umumiy foydalanish hududlarida mulkdorlar umumiy yig‘ilishining qarori bilan meʼmorchilik detallari, reklamalar, afishalar, va eʼlonlarni o‘rnatish mumkin.
Uylarda shovqin darajasi belgilangan sanitariya meʼyorlaridan oshmasligi shart.
Uylar (zinapoyalar, liftlar, chiqindi kamerasi, chiqindilarni to‘plash moslamalari yerto‘lalari va boshqalar), tutash hududlar zaruratga ko‘ra, boshqarish organi tomonidan deratizatsiyalanishi, dezinseksiya va dezinfeksiyalanadi.
Uylarning yerto‘la qismidagi quvurlarda avariya holati yuzaga kelishi natijasida suv yoki oqova suv to‘planib qolsa boshqarish organi 24 soat mobaynida yerto‘ladagi suv va oqova massalarini chiqarib yuborishi lozim.
Haftada 1 marta ko‘p kvartirali uylarning lift xonalarini tozalanadi hamda lift uskunalari doimiy texnik monitoring qilinadi.
Ko‘p kvartirali uylarda yong‘in xavfini keltirib chiqaruvchi uskunalarni balkon va lodjiyalarga o‘rnatish taqiqlanadi.
Shuningdek, balkonlarda og‘ir buyumlarni saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Balkon va lodjiyalarning tashqi (fasad) qismida kir, kiyim-kechak, gilam va boshqa buyumlarni osib qo‘yish taqiqlanadi.
Uy hayvonlarini umumiy foydalanishdagi joylar, zinapoyalar, chordoqlar, yerto‘lalar, shuningdek umumiy oshxonalar, balkon va lodjiyalarda saqlash mumkin emas.
Kirish yo‘laklaridagi zinapoya maydonlari va zinapoyalar ostida yonuvchan materiallarni saqlash taqiqlanadi. Umumiy issiqlik parametrlariga ta‘sir ko‘rsatadigan qayta rejalashtirish yoki rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishga ruxsat etilmaydi.
Shuningdek, qo‘shimcha isitish yuzalariga issiqlik uskunalarini o‘rnatish hamda umumiy mulkka kiruvchi issiqlik tizimlariga o‘zgartirish kiritish taqiqlanadi.
Avtotransport vositalarini ko‘p kvartirali uylar va unga tutash yer uchastkalaridagi gazonlar usti, xiyobonlar, bolalar maydonchalari, trotuarlarga, kirish yo‘laklari qarshisiga qo‘yish taqiqlanadi.
Spot, avvalroq, “dom"larni ruxsatsiz qurganlik uchun jarima miqdorlari qanday belgilanayotgani haqida yozgandi.