Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining 50%ini “sukut — rozilik” tamoyiliga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, tadbirkorning arizasi belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmasa, u avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan hisoblanadi.

Shuningdek, litsenziya berish bo‘yicha rad etilgan har bir arizani Biznes-ombudsman o‘rganadi. Asossiz rad javobi bergan mansabdorlar uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Tez orada 30 dan ziyod faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi, yana 35 tasini berish muddati 2−3 baravarga qisqaradi. 10 ta ruxsat xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishda talab etiladigan veterinariya, sanitariya va fitosanitariya ruxsatnomalari o‘rniga yagona “Salomatlik sertifikati” joriy etiladi.

Bundan tashqari, yangi litsenziya va ruxsatnomalarni joriy qilishdan oldin ularni uchta hududda olti oy davomida eksperimentdan o‘tkaziladi.

Yig‘ilishda tadbirkorlar mulkiga ijro hujjatlari asosida taqiq qo‘yilishi bilan bog‘liq e’tirozlar ham ko‘pligi qayd etildi. Mazkur masalalarni alohida muhokama qilib, tizimli yechimlar ishlab chiqish belgilandi.

Avvalroq Spot tadbirkorlikni litsenziyasiz boshlash uchun 3 oylik maxsus rejim joriy etilishi haqida yozgan edi.