Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida mahallalarni obodonlashtirish, yangi maktab va bog‘chalar qurish hamda shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yashnobod tumanidagi Vatandosh, Mohinur, Al-Buxoriy va Tong mahallalarini kompleks yangilash loyihasi taqdim etildi. Ularning umumiy maydoni 75 gektar bo‘lib, bu yerda 18 386 nafar aholi istiqomat qiladi.

Loyiha 15 daqiqalik mahalla tamoyiliga asoslangan. Unga ko‘ra, aholi uchun zarur savdo va maishiy xizmatlar, taʼlim va tibbiyot muassasalari, dam olish hamda sport maskanlari odamlarga qulay masofada joylashtiriladi.

Hududda yashil maydonlarni kengaytirish, uch kilometrlik sayr yo‘lagini tashkil etish, bolalar va sport maydonchalarini yangilash, ko‘p tarmoqli sport inshootini barpo etish rejalashtirilgan. Mavjud maktablarni kengaytirish hisobiga 2 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish, 540 o‘ringa mo‘ljallangan to‘rtta bog‘cha va uchta poliklinika tashkil etish ham nazarda tutilmoqda.

Mahallalarda avtomobillarni hovlilardan tashqarida joylashtirish, jamoat transporti bekatlarini yangilash, xavfsiz piyoda va velosiped yo‘laklarini barpo etish taklif qilindi.

Shuningdek, 76 ta uyning tashqi ko‘rinishi va muhandislik tarmoqlarini yangilash, ko‘chalarni yoritish, chiqindi yig‘ish shoxobchalarini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, kafe hamda aholi muloqot qilib, hordiq chiqaradigan joylar tashkil etiladi.

15 daqiqalik mahalla tamoyili asosida poytaxtda 2027-yilda 100 ta, 2030-yilga qadar esa 400 ta mahalla kompleks yangilanadi.

Bu jarayonda ushbu mahallalardagi barcha infratuzilma, jumladan, issiqlik, ichimlik suvi, kanalizatsiya, elektr energiyasi, gaz va yoritish tizimlari, ko‘p kvartirali uylar fasadlari, yo‘l va yo‘laklar, bolalar va sport maydonchalari to‘liq yangilanadi. Mahallalarda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daraxt va butalar soni xalqaro standartlarga moslashtiriladi.

2030-yilga qadar 400 ta mahallada 130 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, xususan, 2027-yilda 100 ta mahallada 22 mingta. Buning uchun banklar tomonidan “konveyer” loyihalarni ishlab chiqish va ishga tushirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Spot avvalroq O‘zbekistondagi har bir mahalla uchun “yashil xarita” ishlab chiqilishi haqida yozgandi.