Shavkat Mirziyoyev Yashil makon umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish va innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ekilgan ko‘chatlarni saqlab qolish, ularni sug‘orish va parvarishlashni tizimli tashkil etish borasida kamchiliklar mavjud. O‘tgan yil bahorda ekilgan ko‘chatlarning maʼlum qismi qurib qolgan.

Hudud iqlimi va tuprog‘iga mos kelmaydigan daraxtlarni tanlash, suv taʼminoti bo‘lmagan joylarga ko‘chat ekish, kasallik va zararkunandalarga qarshi choralarning yetarli emasligi bunga sabab bo‘lmoqda. Orol dengizining qurigan tubida barpo etilgan o‘rmonlarni parvarishlash va himoya qilishda ham muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari ishlar samaradorligini ekilgan ko‘chatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, yerni tayyorlashdan boshlab sug‘orish tizimini yaratish va ko‘chatlarni kamida uch yil parvarishlashgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi yondashuvlar taqdimot qilindi.

Ekish muddatlarini har bir hududning ob-havo sharoiti va olimlar xulosasi asosida belgilash, mahalliy iqlimga mos, issiqlik, sovuqqa va suv tanqisligiga chidamli turlarga ustuvorlik berish ko‘zda tutilmoqda.

Ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla kesimida ko‘chat turi, ekiladigan joyi va sug‘orish tizimi aks etgan “yashil xarita"larni ishlab chiqib, aholiga eʼlon qilish topshirildi. Mahalla raislari bilan birgalikda har bir ko‘chadagi daraxt va ko‘chatlar holatini muntazam kuzatish, qurish sabablarini aniqlab, bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

Daraxt ekish ishlarini, avvalo, aholi gavjum joylarda, piyodalar yo‘laklari va tun-u kun ishlaydigan ko‘chalarda tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Bunday hududlarda soya beruvchi daraxtlarni ko‘paytirish orqali odamlarning yurishi va dam olishi uchun qulay sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda “Yashil mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish takliflari ko‘rib chiqildi. Mahalla buyurtmasi asosida sifatli ko‘chatlar, organik o‘g‘it va suv tejovchi sug‘orish vositalarini yetkazib berish, daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.

Har bir mahallaga o‘rmonchi-murabbiy biriktirib, aholiga ko‘chat ekish, sug‘orish va parvarishlashni o‘rgatish, uylar, maktab va bog‘chalar oralig‘ida kichik daraxtzorlar hamda jamoat bog‘larini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ishlarga mahalla faollari va yoshlardan iborat ko‘ngillilar harakatlarini keng jalb qilish vazifasi belgilandi.

Spot, avvalroq, ayrim daraxt va butalarni ruxsatnoma asosida ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berilgani haqida yozgandi.