Ayrim davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar ruxsatnoma asosida ko‘chirib o‘tkaziladi. Bu bo‘yicha hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan, yerdan 1,3 metr balandlikdagi va tana diametri 15 santimetrgacha bo‘lgan daraxtlar hamda tana ildiz bo‘g‘zi diametri 10 santimetrgacha bo‘lgan butalar ruxsatnoma asosida ko‘chirib o‘tkaziladi.
Daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tkazish ishlari kuz mavsumida boshlanadi.
Ular o‘simliklarning vegetatsiya davri yakunlanganidan 1-aprelga qadar amalga oshiriladi.
Daraxt va butalar ularning ildiz tuprog‘ini saqlagan holda ko‘chirib o‘tkaziladi.
Daraxt va butalarni ko‘chirib o‘tkazish uchun ruxsatnomalar har bir ko‘chirilgan daraxt va butani 3 yil davomida parvarish qilish sharti bilan beriladi.
O‘tgan yilning iyulida Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov O‘zbekistonda 2022-yildan beri amalda bo‘lgan daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriyni bekor qilishni taklif qilgandi.
“Biz bo‘lajak qurilish ishlarining hajmini va kesilishi mumkin bo‘lgan daraxtlar sonini oldindan bilamiz. Shuning uchun kesilgan daraxtlar o‘rniga yangilarini oldindan ekib, hokimliklar balansiga o‘tkazish mumkin. Bu bilan uchinchi shaxslar ham shug‘ullanishi mumkin, ular keyinchalik ekilgan daraxtlarni quruvchilarga sotadi”, — degan edi u.
Spot, avvalroq, Termizda 217 tup daraxt kesilishiga ruxsat bergan sobiq qurilish bo‘limi boshlig‘i sudlangani haqida yozgandi.