Termizda sobiq mansabdor 200 dan ortiq daraxtning kesilishida aybdor deb topildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay‘ati apellyatsiya instansiyasida daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq ish qayta ko‘rib chiqildi.

Ish materiallariga ko‘ra, sobiq Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i hamda M.T.T korxonasi rahbari o‘zaro til biriktirib, Termiz shahri Do‘stlik mahallasi hududidagi daraxtlarni ko‘chirmoqchi bo‘lgan.

Shu maqsadda ular o‘zaro dastlab 20 mln so‘mlik shartnoma rasmiylashtirilgan. Biroq hududdagi daraxtlar viloyat Ekologiya hamda Milliy gvardiya boshqarmalari xodimlari tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, qimmatli daraxtlarni ko‘chirish va kesish bo‘yicha murojaat qonunchilik talablariga asosan rad etilgan.

Shunga qaramasdan, qurilish hududidagi 61 tup Eldor qarag‘ayi, 36 tup Virgin archasi, 101 tup Sharq biotasi, 16 tup chinor va 4 tup tut daraxti — jami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan. Natijada tabiatga 2,069 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Apellyatsiya instansiyasida sobiq Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i o‘zini aybsiz deb hisoblab, daraxtlarni kesishga ruxsat bor deb o‘ylagani va qurilish tashkilotiga faqat “yordam bergani"ni bildirgan.

Biroq sud hay‘ati ish bo‘yicha to‘plangan dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari hamda ekspertiza xulosalarini atroflicha tahlil qilib, sobiq mansabdorni Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan aybli deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, aybdorga ish haqining 20% i davlat daromadi hisobiga ushlab qolinadigan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Dastlabki qamoqda saqlangan muddat inobatga olinib, o‘tashi lozim bo‘lgan yakuniy jazo muddati 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilandi.

Spot, avvalroq, ekologik toza hududlarda ayrim faoliyat turlari taqiqlanishi haqida yozgandi.