O‘zbekistonda ekologik toza hududlarda ayrim faoliyat turlariga qo‘shimcha cheklovlar joriy etiladi. Bu bo‘yicha “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida"gi qonunga tegishli qo‘shimchalar kiritildi.

Hujjatga ko‘ra, ekologik tizim barqarorligiga zarar yetkazishi, tabiiy landshaft ko‘rinishi yoki yer osti suvlarining gidrogeologik holatini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, tabiiy obyekt va majmualarga salbiy ta‘sir ko‘rsatuvchi sanoat obyektlarini qurish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan ayrim turdagi plastik mahsulotlarni ishlab chiqarish, sotish va yetkazib berish ham man etiladi.

Tabiiy organik polimerdan tayyorlangan mahsulotlar ushbu cheklovlardan mustasno hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasi xulosasi asosida muhofaza etiladigan tabiiy obyektlar va majmualarga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi boshqa faoliyat turlari ham taqiqlanishi mumkin.

Hujjat rasman eʼlon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

May oyi boshida ayrim ekologik qonunbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilgandi. Daryo, suv va daraxtlarga oid qoidabuzarliklar uchun yetkazilgan zararning mos ravishda 3, 10 va 5 barobari miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Spot, avvalroq, Muborak GQIZga ekologik qonunbuzarliklar uchun 10,8 mlrd so‘m kompensatsiya hisoblanishi haqida yozgandi.