Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi.

Shu munosabat bilan amaldagi hujjatlarga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Yangi tartibga ko‘ra, daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari tartibini buzgan yuridik shaxslar atrof-muhitga yetkazilgan zararning 3 barobari miqdorida jarima to‘laydi.

Suvlarni ifloslantirish, shuningdek suv obyektlariga oqova suvlarni oqizish talablari buzilganda, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi. Jarima atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun belgilangan kompensatsiya to‘lovining 10 barobarini tashkil etadi.

Yuridik shaxslarga tegishli yoki ularga biriktirilgan hududlarda daraxtlarni muhofaza qilish va saqlash choralari ko‘rilmasa, jarima qo‘llaniladi. Uning miqdori atrof-muhitga yetkazilgan zararning 5 barobariga teng bo‘ladi.

Qonun rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

30-aprel kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ekologik huquqbuzarliklar uchun jarimalar qayta ko‘rib chiqilishi taʼkidlangandi. Shuningdek, noqonuniy qazish, ifloslantirish va chiqindilarni yoqish uchun moliyaviy choralar keskinlashtirilishi belgilangan.

Spot, avvalroq, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgandi.