Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar holati tahlil qilindi. 2024-yilda 47 mingdan ziyod maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2025-yilda ular soni 59 mingdan oshgan.

Taʼkidlanishicha, hozir jarimalar miqdori yetkazilgan ekologik zararga mutanosib emasligi sabab baʼzi korxonalar uchun huquqbuzarlikni bartaraf etishdan ko‘ra, jarima to‘lab, faoliyatni davom ettirish qulayroq bo‘lib qolmoqda.

Shu bois, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga bog‘lash va xalqaro amaliyotga yaqinlashtirish taklif etildi.

Daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suvni ifloslantirish, daraxt va butalarni kesish hamda havoga me‘yordan ortiq chiqindi chiqarish kabi holatlar uchun ta‘sirchan moliyaviy choralar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, qurilish maydonlarida chang va qumning havoga ko‘tarilishi hamda chiqindilarni belgilanmagan joylarda yoqish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Taklifga ko‘ra, ma‘muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya yagona moliyaviy sanksiyaga birlashtiriladi.

Korxona aybini tan olgan taqdirda sanksiyani Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qo‘llaydi, nizoli holatlar esa sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda qurilish obyektlari uchun ekologik talablar kuchaytirilishi haqida yozgandi.