Qashqadaryodagi Muborak gazni qayta ishlash zavodiga 10,8 mlrd so‘mlik qo‘shimcha kompensatsiya belgilandi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Ekopolitsiya xodimlari tomonidan Muborak gazni qayta ishlash zavodi faoliyati o‘rganilgan va bir qator ekologik qonunbuzilishlar aniqlangan.
Xususan, zavod hududida qurilish hamda boshqa turdagi chiqindilar noqonuniy joylashtirilgani, buning oqibatida atrof-muhitga salbiy ta‘sir ko‘rsatilayotgani ma‘lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, chiqindilardan ko‘tarilgan chang va zararli gazlar yoqilishi natijasida atmosfera havosiga oltingugurt, uglerod hamda azot oksidlari me‘yordan ortiq chiqarilgani aniqlangan.
Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida gazni tozalashdan hosil bo‘lgan oqova suvlar neft mahsulotlari bilan aralashgan holda ochiq maydonlarga tashlangani qayd etildi.



Holat yuzasidan korxonaga 10,8 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya hisoblangan.
Shu bilan birga, bajarilishi majburiy bo‘lgan 7 banddan iborat ko‘rsatma berilgan. To‘plangan hujjatlar sudga yuborilgan.
Spot, avvalroq, ayrim ekologik qonunbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilgani haqida yozgandi.


