YouTube 23-sentabr kuni har yili o‘tkaziladigan Made on YouTube tadbirida ijodkorlar uchun yangi SI vositalari to‘plamini taqdim etdi.
Ularning asosiylaridan biri Gemini Omni asosidagi montaj bo‘yicha suhbatlashuvchi SI-assistent bo‘lib, u Shorts bo‘limi va YouTube Create ilovasiga integratsiya qilingan.
Assistent kadrlar tartibini o‘zgartirishi, videoni qisqartirishi va musiqani videodagi voqealar ritmiga moslashtirishi mumkin. YouTube ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil avgust oyining o‘zida undan har kuni yuz minglab kanallar foydalangan.
YouTube Studio platformasida Ask Studio — kanal statistikasi va tomoshabinlar izohlarini tahlil qilib, tushunarli xulosalar beradigan SI-yordamchi paydo bo‘ldi.
U qaysi kontent yaxshi ishlagani, qaysi mavzular auditoriyada qiziqish uyg‘otgani va tomoshabinlar qayerda videoni tark etayotganini ko‘rsatadi.
Shorts uchun taqdim etilgan Reimagine funksiyasi esa allaqachon suratga olingan videoga yangi vizual uslublarni qo‘llash imkonini beradi. Algoritm tasvirni boshqa estetika asosida qayta yaratadi.
Video muqovalari va sarlavhalari bilan ishlash vositalari ham yangilandi. Yangi “dinamik prevyu” funksiyasi muqovaning uchta variantini auditoriyaning turli segmentlarida avtomatik sinab, eng yaxshi natija ko‘rsatganini tanlaydi.
2024-yilda ishga tushirilgan A/B test vositasi allaqachon muqova va sarlavhalar bo‘yicha 40 mln dan ortiq tajribaga olib kelgan. Tez orada ijodkorlar bitta videoning uch xil montaj variantini ham taqqoslay oladi.
Ijodkorlarni himoya qilish uchun YouTube ovozni aniqlash tizimini yuzni tanish texnologiyasi bilan birlashtira boshladi. Bu begona odamning qiyofasi va ovozidan foydalanib deepfake yaratishni qiyinlashtirishi kerak.
Izohlarni moderatsiya qilish tizimi ham SI bilan yangilandi: algoritm har bir kanalning o‘ziga xos uslubini o‘rganib, filtrlarni unga moslashtiradi.
YouTube’ning generativ SI bo‘yicha ilk trendlar hisobotiga ko‘ra, AQSHdagi 14−44 yoshli ijodkorlarning 72% i so‘nggi bir yil ichida video yaratish yoki qayta ishlashda neyrotarmoqlardan foydalangan. SI vositalaridan foydalanadigan kanallar esa qolgan kanallarga qaraganda uch baravar tezroq o‘smoqda.
Avvalroq Spot YouTube SI yordamchisi bilan video va muqovalarni tahrirlash imkonini qo‘shishi haqida yozgandi.