YouTube SI yordamchisi yordamida video va muqovalarni tahrirlash vositasini e’lon qildi. Yangi vositalar haqida Made On YouTube konferensiyasi davomida ma’lum qildi.

Ular video montaj qilish, thumbnail yaratish, sarlavhalarni takomillashtirish va eski videolarni qayta ommalashtirishga yordam beradi.

Yangi Conversational Editing funksiyasi Gemini asosida ishlaydi. U foydalanuvchiga video montajini oddiy matnli buyruqlar orqali boshqarish imkonini beradi.

Masalan, ortiqcha pauzalarni olib tashlash, sahnalar ketma-ketligini o‘zgartirish, musiqa va o‘tish effektlarini qo‘shish yoki bir nechta dublyajdan eng yaxshisini tanlashni so‘rash mumkin.

Funksiya Shorts va YouTube Create uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uni 2027-yil boshidan ishga tushirish rejalashtirilgan.

SI yordamchisi kanal uslubiga mos thumbnaillar yaratish va mavjud muqovalarni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berishi ham mumkin. Shuningdek, Dynamic Thumbnails yordamida bir nechta muqova variantlarini yaratib, ularning auditoriyaga ta’sirini sinash imkoniyati kengaytiriladi.

YouTube Studio’dagi AI vositalari kanal arxividagi videolarni ham tahlil qiladi. Masalan, avval joylangan video yana ko‘rishlar yig‘a boshlaganini aniqlab, uning thumbnail yoki sarlavhasini yangilashni tavsiya qilishi mumkin. Bu eski kontentdan qayta foydalanish imkoniyatlarini oshiradi.

Bundan tashqari, YouTube videoni ommaga chiqarishdan oldin uning hook’i, sur’ati va storytelling’i bo‘yicha tavsiyalar beruvchi vositalarni ham joriy qilmoqda.

Yana bir yangi imkoniyat orqali ijodkorlar bitta videoning uchtagacha turli variantini sinab, qaysi montaj tomoshabinlarni ko‘proq ushlab qolayotganini aniqlashi mumkin.

Funksiyalar bosqichma-bosqich ishga tushiriladi va ularning barchasi bir vaqtning o‘zida barcha mamlakatlardagi foydalanuvchilarga ochilmasligi mumkin.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi ishga tushirilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti bilan O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi.