Qonunchilik palatasi urbanizatsiya sohasini takomillashtirish munosabati bilan Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hujjat bilan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining huquqiy maqomi va vakolatlari Shaharsozlik kodeksida aniq belgilanadi.
Shuningdek, shahar va shaharchalarning bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari va master-rejalarini kelishish hamda urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish bilan bog‘liq normalar aniqlashtirildi.
Qonun loyihasida yirik turizm, biznes, madaniyat, sport loyihalari va aholini faol jalb qiladigan boshqa loyihalarni amalga oshirishning huquqiy asoslari ham belgilangan.
Bundan tashqari, shaharsozlikning asosiy tamoyillari sifatida aholi punktlarini hududlarni kompleks rivojlantirish asosida rejalashtirish, ekologik muhit va shahar infratuzilmasini yaxshilash belgilandi.
Qonun Senat tomonidan ma’qullanib, prezident imzolaganidan keyin kuchga kiradi.
Avvalroq Spot Urbanizatsiya qo‘mitasi uy xaridorlarining pullari himoyasiz qolayotganini “yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat” deb atagani haqida yozgan edi.