Qozog‘iston benzin, dizel yoqilg‘isi va ayrim neft mahsulotlarini mamlakatdan olib chiqishga qo‘yilgan taqiqni yana olti oyga uzaytirdi, deya xabar bermoqda Zakon.kz nashri
Cheklovlar 2026-yil 22-noyabrdan 2027-yil 22-maygacha amal qiladi. Bu haqdagi buyruqni mamlakat energetika vaziri Yerlan Akkenejev 30-oktabr kuni imzolagan.
Yangi tartib avtomobil transportida benzin, dizel yoqilg‘isi va ayrim neft mahsulotlarini eksport qilishni taqiqlaydi. Cheklovlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) a’zo davlatlarga yetkazib beriladigan mahsulotlarga ham taalluqli.
Temiryo‘l orqali neft mahsulotlarini olib chiqishga ham xuddi shu muddatga taqiq joriy etiladi. Biroq tasdiqlangan yetkazib berish rejalari asosida ayrim benzin turlarini eksport qilishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, taqiqdan ayrim istisnolar mavjud. Jumladan, avtomobillarning zavodda o‘rnatilgan standart yonilg‘i bakidagi yoqilg‘ini (kuniga bir martadan ko‘p bo‘lmagan holda) va ayrim moylash materiallarini olib chiqishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, tadqiqot va laboratoriya sinovlari uchun mo‘ljallangan aviatsiya yoqilg‘isi hamda hukumat qarori bilan yuboriladigan gumanitar yordam mahsulotlari ham taqiqdan mustasno.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan 30-iyungacha Qozog‘istondan YOII bojxona hududidan tashqariga yengil distillyatlar, aviatsiya kerosini, dizel yoqilg‘isi, gazoyllar, toluol, ksilol va neft bitumini eksport qilish ham taqiqlanadi.
Qozog‘iston Energetika vazirligi bunday cheklovlarni mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash, mahalliy neftni qayta ishlash korxonalarining barqaror ishlashini qo‘llab-quvvatlash va ichki bozorda yoqilg‘i narxlarini barqarorlashtirish maqsadida joriy etmoqda.
Hukumat tomonidan eksport cheklovlari avval ham bir necha bor uzaytirilgan. Xususan, amaldagi avvalgi taqiq 2026-yil 21-maydan 21-noyabrgacha belgilangandi.
Avvalroq Spot Qirg‘iziston taqchillik xavfi sabab neft, benzin va dizel eksportini muddatsiz taqiqlagani haqida yozgandi.