Shavkat Mirziyoyev Nukus City majmuasini qurish taklifini rasman ma’qulladi. Bu haqda prezidentning Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risidagi 5-noyabrdagi qarorida so‘z borgan.
Hujjatga ko‘ra, majmua Jo‘lshilar mahallasida, Ashshiko‘l bo‘yidagi 270 gektar maydonda joylashadi. 50 ming aholiga mo‘ljallangan majmuada “ilg‘or me’moriy yechimlar va energiya tejovchi texnologiyalar” qo‘llaniladi.
Nukus City 2027-yilgi ipoteka dasturiga, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarining manzilli ro‘yxatiga kiritiladi. 2027-yil oxirigacha uning hududida noturar binolarni bosqichma-bosqich ishlab chiqiladigan loyiha asosida qurishga ruxsat beriladi.
Uch oy ichida Nukus City qurilish loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Bosh reja xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va Yangi Toshkent tajribasi asosida, “ilg‘or va kreativ me’moriy yechimlar"dan foydalanib tayyorlanadi.
Majmua ko‘p kvartirali uy-joylar, savdo va biznes markazlari, mehmonxonalar, ijtimoiy soha obyektlari, bog‘lar, yashil hududlar va favvoralarni o‘z ichiga oladi.
Qoraqalpog‘iston invest kompaniyasi davlat kompaniyasi Nukus City’da renovatsiya hududlarida yashovchi fuqarolarni ko‘chirish uchun uy-joy ajratishi kerak.
Nukus City qurilishida “aqlli shahar” (smart city) texnologiyalari qo‘llaniladi. Shuningdek, mahalliy iqlimga moslashtirilgan “yashil”, energiya tejovchi va ekologik barqaror yechimlardan keng foydalanish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, prezident “15 daqiqalik shahar” tamoyili asosida “yashil” transport harakati uchun sharoit yaratishni topshirdi.
Nukus City qurilishi 18-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga ishchi safari doirasida boshlangan. Prezident o‘shanda bu yerda xorijiy investorlar ishtirokida osmono‘par binolar, biznes, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari qurilishini aytgandi.
Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalarini 1 GVt quvvatli data-markazlar bilan bog‘lash rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.