O‘zbekistonda aholi punktlarining bosh rejalari va boshqa shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi hamda ularga rioya etilishi ustidan monitoring o‘tkazish tartibi tasdiqlandi. Bu bo‘yicha Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining qarori 5-noyabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Yangi tartib 2027-yildan kuchga kiradi.
Monitoring Milliy qo‘mita hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan birgalikda amalga oshiriladi. Bunda aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish va qurilish loyihalari, hududlarni rivojlantirish sxemalari, master-rejalar hamda shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks dasturlar o‘rganiladi.
Uning doirasida hududlarning funksional zonalarga ajratilishi, qurilish parametrlari, aholi va qurilish zichligi, binolarning qavatlari soni, transport qulayligi, muhandislik va ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlanganlik, ko‘kalamzorlashtirish hamda sanitariya talablariga rioya etilishi tekshiriladi.
Shuningdek, yer toifalarini o‘zgartirish, yer uchastkalarini ajratish yoki elektron auksionga chiqarish bo‘yicha qarorlarning shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi ham o‘rganiladi.
Monitoring rejali va rejadan tashqari shakllarda o‘tkaziladi. Rejali monitoring yillik va choraklik rejalar asosida amalga oshiriladi. Rejadan tashqari monitoring esa prezident yoki uning administratsiyasi topshiriqlari, shuningdek, davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida tashkil etilishi mumkin.
Zarur ma’lumotlar tegishli davlat organlari tomonidan so‘rov kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida taqdim etilishi kerak. Barcha ma’lumotlar olinganidan so‘ng monitoring 20 ish kuni ichida o‘tkaziladi. Zarurat bo‘lsa, bu muddat yana 10 ish kunigacha uzaytirilishi mumkin.
Monitoring natijalari bo‘yicha xulosa tuziladi. Unda aniqlangan holatlar, ularning shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yoki nomuvofiqligi hamda qonunchilik buzilishi alomatlari qayd etiladi.
Xulosa imzolanganidan keyin besh ish kuni ichida tegishli choralar ko‘riladi. Jumladan, shaharsozlik hujjatlariga zid qarorlarni qayta ko‘rib chiqish, o‘zboshimchalik bilan qurish yoki qonunbuzilish alomatlari bo‘yicha materiallarni vakolatli organlarga yuborish yuzasidan takliflar kiritiladi.
Tegishli davlat organlari yuborilgan takliflar va monitoring materiallarini, qonunchilikda boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, natijasi haqida Milliy qo‘mita va vazirlikka axborot berishi lozim.
Nizomda monitoring tadbirkorlar faoliyatini tekshirish hisoblanmasligi va undan ularning faoliyatiga aralashish uchun foydalanish taqiqlanishi ham belgilangan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi 132 ta quruvchi kompaniya shartnomalarida xaridorlar huquqlari buzilganini aniqlagani haqida xabar berilgandi.