Majburiy ijro byurosining Angor tumani bo‘limi jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil deb topilgan 277 ta soxta haydovchilik guvohnomasini yo‘q qildi. Bu haqda byuro ma’lum qildi.
Guvohnomalarni yo‘q qilish Angor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudining ijro varaqasida belgilangan. Hujjatlar sudning ashyoviy dalillarni saqlash xonasida saqlanib kelgan.
Ijro harakatlari davomida guvohnomalar xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda maxsus qozonxonada yoqib yuborildi.
Ushbu jinoyat ishi doirasida jami 11 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi e’lon qilingan.
Avvalroq O‘zbekistonda yo‘l kameralari “prava"si yo‘q haydovchilarni avtomatik aniqlashni boshlagani haqida xabar berilgandi.
