Microsoft asoschilaridan biri Bill Geyts sun’iy intellekt (SI) rivojlanishi natijasida iqtisodiy tengsizlik kuchayishi mumkinligi sababli eng boy insonlarni yuqoriroq soliqqa tortish zarurligini ta’kidladi.
Uning fikricha, SI texnologiyalari katta boylik yaratadi, biroq bu daromadlarning asosiy qismi texnologiyalarga egalik qiluvchi kompaniyalar va badavlat investorlar qo‘lida to‘planishi mumkin.
Geyts bu masalada xususiy xayriya tashkilotlariga tayanish yetarli emasligini, iqtisodiy tengsizlikni kamaytirish davlatning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligini bildirdi.
“Tengsizlik muammosini hal qilish uchun asosiy mas’uliyat har doim hukumatlar zimmasida bo‘ladi. Biz ixtiyoriy xayriyalarni ijtimoiy himoya tizimi o‘rnini bosuvchi vosita sifatida ko‘ra olmaymiz”, — dedi Geyts.
Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellektdan olinadigan iqtisodiy foyda jamiyatning barcha qatlamlariga teng taqsimlanmasligi mumkin.
Shu sababli hukumatlar soliq tizimini qayta ko‘rib chiqib, katta boylikka ega shaxslar, jumladan, milliarderlarning daromadlari va mol-mulkini soliqqa tortish mexanizmlarini kuchaytirishi lozim.
Bu fikr AQSHda boylik solig‘i bo‘yicha bahslar kuchaygan bir paytda yangramoqda. Xususan, Kaliforniyada milliarderlarning mol-mulkiga qo‘shimcha soliq joriy etish taklifi texnologiya sohasi vakillari orasida keskin munozaralarga sabab bo‘lgan.
Geytsning xavotiri shundaki, sun’iy intellekt kompaniyalarning samaradorligini oshirib, ularga katta daromad keltiradi. Biroq ushbu texnologiyalardan olinadigan foyda barcha xodimlar yoki aholi qatlamlariga birdek yetib bormaydi.
Milliarderning yana bir taklifi — inson mehnati o‘rnini egallayotgan robotlar va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni soliqqa tortish.
Geyts avgust oyida e’lon qilgan maqolasida amaldagi soliq tizimi korxonalarni inson mehnati o‘rniga avtomatlashtirilgan texnologiyalardan foydalanishga rag‘batlantirayotganini qayd etgan.
Uning tushuntirishicha, kompaniya xodim yollaganida uning ish haqi bilan bog‘liq soliqlarni to‘laydi. Robot sotib olganida esa xarajatni ko‘pincha darhol biznes xarajati sifatida hisobdan chiqarishi mumkin. Natijada insonni ishga olishdan ko‘ra robotdan foydalanish moliyaviy jihatdan foydaliroq bo‘lib qoladi.
Shu sababli Geyts robotlar va SI tizimlari, jumladan, sun’iy intellekt xizmatlaridan foydalanish uchun sarflanadigan tokenlarni ham soliqqa tortish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda.
Avvalroq Bill Geyts sun’iy intellekt COVID-19'dan ham yomonroq pandemiya bo‘lishi mumkinligi haqida aytgandi.