Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida nogironlik pensiyasini tayinlashda fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan qonun ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Senator Odiljon Mamatkarimovning ta’kidlashicha, qonun fuqarolarga pensiya tayinlashda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, jarayonlarni avtomatlashtirish va tizimdagi inson omilini kamaytirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya sohasidagi huquq va manfaatlarini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi belgilangan fuqarolarga nogironlik pensiyasini ularning murojaatisiz, proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etilmoqda.
Amaldagi tartibda fuqarolar buning uchun Pensiya jamg‘armasi yoki Davlat xizmatlari markaziga borib ariza berishi yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali so‘rovnoma to‘ldirishi kerak. Proaktiv shakl hozirda faqat pensiya yoshiga to‘lgan fuqarolarga yoshga doir pensiya tayinlashda qo‘llanar edi.
Yangi tartibga ko‘ra, nogironlik pensiyasini tayinlash uchun fuqaroning Pensiya jamg‘armasi yoki Davlat xizmatlari markaziga borishi va ariza berishi talab etilmaydi.
Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan mehnat staji, ish haqi, o‘qish davri va oila a’zolari haqidagi ma’lumotlar davlat idoralari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan elektron ma’lumot almashinuvi orqali olinadi.
Mamatkarimovning ta’kidlashicha, ushbu o‘zgarish yiliga o‘rtacha 52 mingga yaqin fuqaroning pensiya tayinlash uchun murojaat qilishga sarflaydigan vaqti va mablag‘ini tejash imkonini beradi. “Ushbu yo‘nalishda inson omili kamayishi hisobiga korrupsion holatlarning oldini olishga erishiladi”, — dedi u.
Shuningdek, nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin fuqaro kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lsa, uning ish staji va ish haqi haqidagi axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlar asosida pensiyasini har ikki yilda bir marta fuqaroning murojaatisiz proaktiv shaklda qayta hisoblash tartibi joriy etilmoqda.
Amaldagi tartibda pensiyani qayta hisoblash uchun fuqaroning arizasi talab etiladi. Pensiya jamg‘armasi tomonidan har yili o‘rtacha 8 mingga yaqin fuqaroning nogironlik pensiyasi qayta hisoblanadi. Yangi tartib ushbu fuqarolarning qayta hisob-kitob uchun murojaat qilishga sarflaydigan vaqtini tejaydi.
Qonunda pensiyadan chegirmalar amalga oshirilgandan keyin fuqaroga to‘lanadigan pensiya miqdoriga oid yangi kafolat ham belgilanmoqda. Unga ko‘ra, chegirma qilinganidan so‘ng fuqaroning qo‘liga tegadigan pensiya eng kam iste’mol xarajatlari miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.
Amaldagi tartibga ko‘ra, har oylik chegirmalar pensiyaning 50%idan oshmasligi mumkin. Masalan, yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m bo‘lsa, uning 50%i chegirilganidan keyin fuqaroning qo‘liga 459 ming so‘m qoladi.
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra esa chegirmadan keyin to‘lanadigan pensiya rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlari — 715 ming so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emas.
“Mazkur taklif amaliyotga joriy etilishi bilan har yili o‘rtacha 45 mingga yaqin pensiya oluvchilarning pensiyalaridan chegirma qilinganidan keyin eng kam isteʼmol xarajatlari miqdorida pensiya olishi kafolatlanadi”, — dedi Odiljon Mamatkarimov.
Bundan tashqari, pensiyani fuqaroning murojaatisiz tayinlash bilan bog‘liq masalani ko‘rib chiqish muddati ham belgilanmoqda.
Fuqaroning pensiya yoshiga to‘lgani yoki unga nogironlik belgilangani haqidagi elektron ma’lumot axborot tizimiga kelib tushgan ish kunining o‘zida ko‘rib chiqiladi. Agar ma’lumot ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushsa, masala keyingi ish kunida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.
Senatorning qayd etishicha, qonun mahalliy Kengashlarda tegishli soha vakillari, mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida keng muhokama qilingan. Muhokamalar yakunida hujjat hududlar manfaatlariga mos kelishi haqida xulosa berilgan.