Davlat organi yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibini belgilovchi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Qonunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan hamda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va ma‘naviy zarar hududiy kompensatsiya jamg‘armalari hisobidan pul shaklida qoplanadi.

Undiriladigan mablag‘ miqdori sud qarori bilan belgilanadi, to‘lov esa sud tomonidan berilgan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi.

Agar zarar yetkazgan shaxs sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aybdor deb topilgan bo‘lsa, moddiy va ma‘naviy zararning o‘rnini aynan u qoplashi lozim.

Shuningdek, u zararni belgilangan tartibda ixtiyoriy ravishda qoplash huquqiga ega.

Agar zarar dastlab hududiy kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan qoplangan bo‘lsa, keyinchalik aybdor shaxsdan ushbu mablag‘ regress tartibida undiriladi.

Buning uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs ishlayotgan yoki avval ishlagan davlat organiga talabnoma kiritadi.

Qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘tgan yilning avgustida deputatlar mansabdorlar tomonidan yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash bo‘yicha qonun loyihasini qabul qilgandi.

Spot, avvalroq, tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashgan mansabdorlar jarimaga tortilishi haqida yozgandi.