Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va bu kabi holatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Hujjat bilan tadbirkorlarni noqonuniy tekshiruv o‘tkazish, tekshiruv tartibini buzish hamda biznes faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish uchun alohida maʼmuriy javobgarlik choralarini joriy etish taklif qilinmoqda.

Bunday ish uchun mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 40 baravaridan 80 baravarigacha (16,48 mln so‘mdan 32,96 mln so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llash taklif etilmoqda.

Agar bu kabi huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilsa, BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha (82,4 mln so‘mdan 123,6 mln so‘mgacha) miqdorida jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.

Loyihaga ko‘ra, davlat organlari mansabdor shaxslari va masʼul xodimlarining tadbirkorlik erkinligi kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishi uchun javobgarlik belgilanadi.

Shuningdek, tadbirkorlarda tekshiruv o‘tkazish tartibini buzganlik holatlarini aniqlash va javobgarlikni qo‘llashning avtomatlashtirilgan mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Bunday tartibni buzganlik uchun BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m) miqdorida jarima joriy etilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksidan tekshiruv o‘tkazish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik chiqarib tashlanib, uning o‘rniga tadbirkorlar faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritilishi taklif etilmoqda.

Tashabbuskorlarning taʼkidlashicha, qonun qabul qilinishi tadbirkorlikka asossiz aralashuvlarni kamaytirish, biznesning huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hamda mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasining muhokamasi 30-iyunga qadar davom etadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda bodi-kameralardan foydalanilishi haqida yozgandi.