Namangan shahrida qalbaki pullarni tayyorlash va sotish bilan bog‘liq holat aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Pop tumanida yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan va Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi 1999-yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs 37,4 mln so‘mlik qalbaki pullarni shartli xaridorga 7,5 mln so‘mga sotayotgan vaqtda ushlangan.

Ularni shaxsiy tintuv qilish hamda boshqaruvidagi Lacetti avtomobilini ko‘zdan kechirish jarayonida yana 6,4 mln so‘mlik qalbaki pullar aniqlangan.

Shuningdek, izboskanlik fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 7,7 mln so‘mlik qalbaki pullar, oq qog‘ozga chop etilgan 145 dona turli kupyuralar, kompyuter, rangli printer va boshqa ashyolar olib qo‘yilgan.

Aniqlangan qalbaki pullarning umumiy miqdori 51,5 mln so‘mni tashkil etadi. Ular 20 ming, 50 ming, 100 ming va 200 ming so‘mlik nominaldagi banknotlardan iborat.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot avvalroq Oqqo‘rg‘on tumani prokurori yordamchisi $4,7 ming olayotganda ushlangani haqida yozgandi.