Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani prokurori yordamchisining noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Mansabdor shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning avtomobil oldi-sotdisi bilan bog‘liq masalasini hal qilib berish hamda bankdan 600 mln so‘m imtiyozli kredit olishida ko‘maklashish evaziga jami $12 ming talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda prokuror yordamchisi so‘ralgan pul mablag‘idan $4,7 mingini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida u avvalroq fuqarodan $1,3 ming olgani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish chorasi ko‘rilmoqda.
Spot, avvalroq, Toshkent viloyatida 60 mlrd so‘mlik qurilish ishlarini olib berish uchun $100 ming so‘ragan shaxslar ushlangani haqida yozgandi.