Raqobat qo‘mitasining “sirli mijoz” tadbirlari davomida ayrim dorixonalarda dori vositalari belgilangan narxdan bir necha baravar yuqori narxda sotilayotgani aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi. Eng katta tafovut 6 baravarni tashkil qilgan.
Jumladan, SHUNQORLAR MCHJ dorixonasida Polimik dorisi sotish uchun ruxsat etilgan 12 837,18 so‘m o‘rniga 5,5 baravar qimmat — 70 ming so‘mga, Konvuleks esa 66 481 so‘m o‘rniga 395 ming so‘mga taklif qilingan.
MUNO FARM dorixonasida Stimuloton dorisi 50 666,17 so‘m o‘rniga 295 ming so‘mga sotilayotgani aniqlangan. HOSIL FARM dorixonasida esa Lantus Solostar preparatiga ruxsat etilgan 20% o‘rniga 80% ustama qo‘llanib, 190 ming so‘mdan, Slideron dorisi esa 115 677,1 so‘m o‘rniga 349 ming so‘mdan sotilgan.
Shuningdek, quyidagi dorixonalarida ham ayrim dori vositalari belgilangan narxdan yuqori sotilgan:
- CITY FARM dorixonalarida — Baktamed dori vositasi 63 ming so‘mdan (sotish uchun ruxsat etilgan narx — 18 849,43 so‘m); No-Shpa;
- AMIR FARM TRADE korxonasiga qarashli dorixonada Baktamed 100% ustama bilan 32 ming so‘mga;
- FERUZA NUR MEDga qarashli dorixonada Polimik 62 ming so‘mga (12 837,18 so‘m);
- LEADER PHARMGROUP, PHARM S GOLDEN va RUSLAN BUYUK FARMga qarashli dorixonalarda No-Shpa dori vositasi belgilangan narxdan yuqori narxda sotilgan.
Qo‘mita aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi va litsenziya talablari yuzasidan qayta ko‘rib chiqish uchun vakolatli organga murojaat yubordi.
Shuningdek, farmatsevtika sohasida dori vositalari narxlari ustidan nazoratni ta’minlash uchun “sirli mijoz” tadbirlari belgilangan tartibda davom ettirilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi 127 ta un ishlab chiqaruvchi talabga javob bermasligi aniqlangani haqida yozgan edi.