Raqobat qo‘mitasi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda birja savdolari orqali Jamg‘arma bug‘doyini xarid qilgan un ishlab chiqaruvchi korxonalarni qayta xatlovdan o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganish davomida korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, donni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmlari, ombor va saqlash quvvatlari, shuningdek, muvofiqlik sertifikati hamda sanitariya-epidemiologik xulosasi mavjudligi tekshirildi.
Xatlov natijasida respublikada un ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi 301 ta tadbirkorlik subyekti mavjudligi aniqlandi.
Ularning 49 tasi o‘z ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lmay, daval shartnomalari asosida faoliyat yuritadi. Yana 22 tasi vaqtincha ishlamayapti, 6 tasining faoliyati esa to‘xtatilgan.
Shuningdek, 42 ta korxonada muvofiqlik sertifikati, 8 tasida esa sanitariya-epidemiologik xulosa mavjud emas. Xatlov yakunlariga ko‘ra, 127 ta un ishlab chiqaruvchi korxona belgilangan talablarga mos emasligi aniqlandi.
Raqobat qo‘mitasi Jamg‘arma bug‘doyidan maqsadli foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish hamda sohadagi tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga takliflar kiritdi.
Spot avvalroq Namangan, Samarqand va Navoiydagi tibbiyot muassasalarida 125 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olingani aniqlangani haqida yozgandi.