Raqobat qo‘mitasi Namangan, Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar uchun fuqarolardan ortiqcha mablag‘ olinganini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 2026-yilning fevral-aprel oylarida navbatdagi qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan UZI apparati orqali xizmat ko‘rsatilgan. Natijada 416 nafar iste‘molchidan jami 34,3 mln so‘m asossiz mablag‘ olingan.

Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on tuman sog‘liqni saqlash bo‘limida 2024−2025-yillarda belgilangan tartiblarga rioya qilmasdan narxlarni oshirish natijasida bemorlardan pullik tibbiy xizmatlar uchun qariyb 55,7 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olingan.

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati filialida esa 2023−2025-yillarda belgilangan talablarga rioya qilmasdan narxlarni oshirish natijasida bemorlardan qariyb 35 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olingan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan uchta tibbiyot muassasasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, ularga tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish, narxlarni maqbullashtirish hamda jami qariyb 125 mln so‘mni iste‘molchilarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Spot avvalroq Raqobat qo‘mitasi tibbiy xizmatlarini reklama qilayotgan tadbirkorlarni qonunchilikka rioya qilishga chaqirgani haqida yozgandi.