Raqobat qo‘mitasi tibbiy xizmatlarni reklama qilayotgan tadbirkorlarni qonunchilik talablariga rioya qilishga chaqirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi vaqtlarda tibbiy xizmatlar reklamasida “kasallikdan bir umrga xalos qilamiz”, “mutlaqo xavfsiz”, “3 kunda davolaymiz”, “hech qanday nojo‘ya ta‘siri yo‘q”, “bizga kelgan bemorlarning barchasi sog‘aydi” kabi iboralardan foydalanish holatlari kuzatilmoqda.
Qo‘mita qayd etishicha, tibbiy xizmatlar reklamasida natijani kafolatlash, mutlaq xavfsizlikni va‘da qilish, qarshi ko‘rsatmalarni inkor etish, bemorni natija bilan qoniqtirishni va‘da qilish hamda organizmning individual xususiyatlarini inkor etuvchi ma‘lumotlardan foydalanish qonunchilik buzilishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, tibbiy faoliyat uchun berilgan litsenziyada ko‘rsatilmagan xizmatlarni reklama qilish taqiqlanadi.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, iste‘molchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan nomaqbul reklama taqiqlangan.
Qonunning 47-moddasiga asosan, nomaqbul reklama berganlik yoki aksilreklama berishni rad etganlik BHMning 70 baravari miqdorida (30,8 mln) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, noto‘g‘ri reklama oqibatida xarid qilingan tovar, ish yoki xizmat tufayli iste‘molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi, ijrochi yoki sotuvchi tomonidan to‘liq qoplanishi lozim.
Raqobat qo‘mitasi tibbiy xizmatlar reklamasi bo‘yicha monitoring ishlari tizimli ravishda olib borilishini bildirdi.
Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Transport vazirligiga reyslar kechikishi uchun kompensatsiya to‘lash tartibini tasdiqlashni topshirgani haqida yozgandi.