Raqobat qo‘mitasi Centrum Air aviakompaniyasining Istanbul-Toshkent reysi kechiktirilganidan so‘ng tekshiruv boshlanganini ma‘lum qildi.
Bunga ijtimoiy tarmoqlarda C6302 reysining uch soatdan ortiq kechiktirilgani va yo‘lovchilarning vaziyatdan shikoyatlari haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan. Nazorat organi vaziyatni iste‘molchilar huquqlariga rioya etilishi nuqtai nazaridan o‘rganadi va kechikish paytida tashuvchi “yo‘lovchilarga zarur ma‘lumot va tegishli xizmatlarni” taqdim etgan-etmaganini tekshiradi.
“O‘rganish natijalarida qonun buzilish holatlari aniqlangan taqdirda, Qo‘mita tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tegishli taʼsir choralari qo‘llaniladi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Nazorat organi tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma‘lumot berishga va‘da berdi. Fuqarolarga aviatashuvlar sohasida iste‘molchi sifatidagi huquqlari buzilganligi to‘g‘risida 1159 ishonch telefoniga xabar berish tavsiya etildi.
Qo‘mita ma‘lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon Centrum Air va boshqa aviakompaniyalar faoliyati yuzasidan 270 dan ortiq shikoyat kelib tushgan. Nazorat organi yo‘lovchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida qonunchilik bazasini takomillashtirish ustida ishlamoqda.
Xususan, qo‘mita Transport vazirligiga tashuvchining aybi bilan reyslar kechiktirilganda yo‘lovchilar uchun kompensatsiyalarni hisoblash va ularni to‘lash tartibini belgilashni topshirgan edi.
May oyida qo‘mita “O‘zaviatsiya"ga Centrum Air va Qanot Sharq kompaniyalari tomonidan me‘yordan ortiq chiptalar sotilishi (overbuking) holatlari bo‘yicha so‘rov yuborgan edi. Nazorat organi aviatashuvlar sohasida shikoyatlar, jumladan, chiptasi bor yo‘lovchilarga bortda joy berishni rad etish holatlari keskin oshganini qayd etgan.
Centrum Air aviakompaniyasi overbuking amaliyotini qo‘llamasligini, yo‘lovchilarni barcha mavjud aloqa kanallari orqali reyslarning kechikishi haqida xabardor qilishini va zarur hollarda ularni mehmonxonalarga joylashtirishini ma‘lum qildi. Shuningdek, kompaniya 19-may kungi Toshkent-Urganch reysi bilan bog‘liq vaziyatni chaqmoq urishi sababli Airbus A330 samolyotining sig‘imi kichikroq bo‘lgan A320 bortiga almashtirilgani bilan izohladi.
Avgust oyida ikki nafar xorijlik tashuvchi tomonidan bekor qilingan reys chiptalari uchun pul qaytarilmagani sababli Raqobat qo‘mitasiga Centrum Air ustidan shikoyat qildi. Tekshiruvdan so‘ng nazorat organi iste‘molchilarga $808 qaytarilishiga erishdi va kompaniya ularga o‘z tanloviga ko‘ra bitta bepul parvoz huquqini taqdim etdi.
Avvalroq Spot Centrum Air Toshkentdan Haydarobodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.