Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi Centrum Air va Qanot Sharq reyslaridagi kechikishlar bo‘yicha O‘zaviatsiyadan ma’lumot so‘ragani haqida yozgandi.
Centrum Air aviakompaniyasi 19-may kuni 42 nafar yo‘lovchi uchib keta olmagan Toshkent-Urganch yo‘nalishi bo‘yicha C6089 reysi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.
Aviakompaniya matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, dastlab ushbu yo‘nalishga tayinlangan Airbus A330 reysi oldidan chaqmoq urishi oqibatida texnik xizmat ko‘rsatishga yuborilgan.
Parvozni amalga oshirish uchun aviakompaniya bortni Airbus A320 samolyotiga almashtirgan, shu sababli yo‘lovchilarning bir qismi ucha olmagan.
Kompaniya barcha yo‘lovchilarga darhol chipta narxini to‘liq qaytarish yoki eng yaqin mavjud reyslarga, jumladan, boshqa aviakompaniyalar reyslariga qayta bron qilishni taklif qilganini ma’lum qildi. Uzoq vaqt kutgan yo‘lovchilarga tashuvchi hisobidan mehmonxonada joy ajratildi.
Shuningdek, kompensatsiya sifatida yo‘lovchilarga keyingi ichki reysga 50% chegirmali promokod, bepul bagaj joyi va yuqori qulaylik joyi taqdim etildi.
Centrum Air aviakompaniyasi overbuking amaliyotini qo‘llamasligini, reys bilan bog‘liq vaziyat esa “fors-major holatlari oqibati” bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, kechikishlar yuz berganda yo‘lovchilar barcha mavjud aloqa kanallari orqali oldindan xabardor qilinadi, kutish paytida oziq-ovqat bilan ta’minlanadi, uzoq kechikishlar yuz berganda esa mehmonxonaga joylashtiriladi.
Tashuvchi, shuningdek, Raqobat qo‘mitasi va Fuqaro aviatsiyasi agentligiga (O‘zaviatsiya) so‘rov bo‘yicha barcha zarur hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Qurbon hayitida Toshkentdan hududlarga qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.
25−31-may kunlari Uzbekistan Airways, Silk Avia va Centrum Air Buxoro, Termiz, Urganch, Nukus va ortga 28 ta reysni amalga oshiradi.